Pokistonning Balujiston viloyatida bir guruh jangarilar va huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘rtasidagi to‘qnashuvda to‘rt nafar polisiyachi halok bo‘ldi, bir jangari zararsizlantirildi.
Pokiston matbuotiga ko‘ra, polisiya 10 aprel kuni Kvetta shahridagi portlashdan so‘ng keng ko‘lamli operasiya boshlagan. Xodimlar va jangarilar o‘rtasida jang Kuchloq hududida boshlangan.
Hozircha hech kim hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.
Kvettadagi gavjum ko‘chada sodir bo‘lgan portlash oqibatida 4 kishi, jumladan, ikki polisiyachi halok bo‘ldi, 15 kishi yaralandi.
So‘nggi oylarda Pokistonda, xususan, Xayber-Paxtunxva va Balujiston viloyatlarida teraktlar kuchaygan.
Eslatib o‘tamiz, 6 mart kuni ertalab Balujistonda sodir etilgan xudkushlik hujumida 10 nafar polisiyachi halok bo‘lgan edi.