Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda respublikamizga muqaddam noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan pirotexnika vositalarining qonunga xilof muomalasiga chek qo‘yildi.
Poytaxtimizning Mirobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda oldindan kuzatuvga olingan shaxsning xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida bu yerda 11 turdagi jami 8478 dona pirotexnika vositalari saqlanayotgani fosh qilindi.
Mirobod tumanida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda esa fuqarolardan biri ijaraga olingan xonadonida 6 turdagi 23 dona salyutlarni keyinchalik sotish maqsadida qonunga xilof tarzda saqlayotgani aniqlandi.
Ashyoviy dalil sifatida olingan mazkur pirotexnika vositalarining dastlabki taxminiy qiymati 90 000 000 so‘mni tashkil qilmoqda.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, respublikamiz bojxonachilari tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida aniqlangan 166 ta bojxona qonunbuzilishi holatlarida jami qiymati 1 milliard 645 million so‘mlik 6 million 672 ming donaga yaqin pirotexnika vositalarining noqonuniy olib o‘tilishi va ichki hududdagi aylanmasiga o‘z vaqtida chek qo‘yildi.