Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyan Isroil razvedkasi unga suiqasd uyushtirishga uringanini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, tajovuz haqidagi ma’lumotni Eron razvedkasi taqdim etgan.
Bu haqda Pezeshkiyan amerikalik jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
«Ha, ular urindi, lekin muvaffaqiyatsizlikka uchradi», — dedi u Isroil tomonidan qilingan suiqasd haqida so‘ralganda.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, u majlisda qatnashar ekan, shu paytda Isroil agentlari uning joylashgan hududiga zarba berishga uringan.
«Josuslardan olingan ma’lumotlar orqali ular majlis o‘tkazilayotgan hududga hujum qilishga harakat qilishdi», — dedi u.
Shu bilan birga, Pezeshkian bu suiqasdga AQShning aloqasi yo‘qligini alohida ta’kidladi.
Jurnalist Karlson o‘zining intervyu anonsida Pezeshkiandan Tehronning AQSh bilan urushni xohlash-hohlamasligi haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘raganini aytdi.
U intervyu uchun tanqidlarga tayyor ekanini bildirib, shunday dedi:
«Biz yaqinda Ironga qarshi o‘n kunlik urush olib bordik — ehtimol, yana bo‘lishi mumkin. Odamlar haqiqatni bilishga haqli».
Trampni qo‘llab-quvvatlab kelgan Karlson iyun oyidagi Isroilning Eronga bergan zarbasini qattiq tanqid qilgan va buni «AQSh hamda Isroil tomonidan uyushtirilgan urush akti» deb atagan. Uning fikricha, bunday harbiy operasiyalar haqiqiy izolyasionizm siyosatiga ziddir.