Bugun 24 noyabr, 2024 yil, yakshanba

КИР

Peshku tumani hokimi og‘ir «jinoyat» ustida qo‘lga tushdi

Peshku tumani hokimi og‘ir «jinoyat» ustida qo‘lga tushdi

Sarlavhani o‘qiboq, yana bir mahalliy rahbar pora olibdi yoki davlatning milliard-milliard mablag‘ini o‘zlashtirib yuboribdi-da, degan fikrga borishingiz tayin. Ammo xulosa chiqarishga shoshilmang!

2018 yilning 20 noyabrida endigina tetapoya bo‘layotgan blogerlardan birining Peshku tumani hokimi tashkilotlarni ayrim nashrlarga majburiy obuna bo‘lishga topshiriq beryapti nomli iddaosi e’lon qilindi. Yo‘q, yo‘q. Bunaqasini eshitmaganman... degan istehzo bilan boshlangan materialda hokimning 20 noyabrga qadar ro‘yxatdagi gazeta va jurnallarga obuna tashkil etish to‘g‘risida ko‘rsatma bergani va 20 ta nashr nomi hamda qancha obuna uyushtirishi ko‘rsatilganiga munosabat bildiriladi.

Blogerning yozishicha, ...Obunaning katta qismi respublika darajasidagi nashrlar uchun emas, balki Peshku ovozi tuman gazetasiga 200 ta, Buxoronoma viloyat gazetasiga 60 ta, internetdan birorta ma’lumoti chiqmagan Ma’naviyat sarchashmasi degan noma’lum nashrga 35 ta, jami 295 dona obuna majburiy qilib belgilangan . Blogerning Sherlok Xolmsdek izquvarligi natijasida esa Peshkupaxtatozalash AJ joriy yilda 60 million so‘mdan ziyod mablag‘ni obunaga sarflashga majburlanayotgani aniqlangan. Bundan tashqari, maqolada Buxoro viloyati hokimining 301-f sonli, tuman hokimining esa 2 oktyabrdagi 169-f sonli farmoyishlarining jahonshumul siri ham fosh etiladi.

Ha, chindan ham yozishga mavzu topolmay qolgan ayrim saytchilar-u blogerlar uchun obuna mavzusi o‘zini xalqparvar, adolatparvar qilib ko‘rsatish uchun zo‘r vaj-karsonga aylandi. Uzoq yillar davomida bir qolipga solingan nashrlarni qoralash, yilt etgan erkin fikr uchun boshida kaltak singan gazeta-jurnallar jamoasini xalq dushmanlari ga aylantirishga hissa qo‘shayotganlar bugunga kelib go‘yo milliy matbuotni sindirishga buyurtma olgandek oldi-orqalariga qaramayaptilar. Chuqurroq o‘ylab ko‘rilsa, bunday harakat zamirida barchamizni internetga tobe qilish, muayyan ko‘nikmalar hosil qilinganidan keyin esa o‘z yo‘riqlariga solishga urinish maqsadi mujassamdek. Bir tasavvur qiling: Ma’rifat dan tashqari Tafakkur jurnali yoki O‘zbekiston adabiyoti va san’ati gazetasini o‘qimagan adabiyot o‘qituvchisini zamonaviy o‘qituvchi deyish mumkinmi, bugun? Nodavlat tashkiloti faoliyati, fuqarolik jamiyati rivoji, bu jarayondagi o‘zgarishlar va mavjud muammolar xususida Jamiyat gazetasidan boshqa yana qaysi nashr to‘laroq ma’lumot bermoqda?

Buxoro viloyati hokimi 2019 yilning saylovlar yili ekanini inobatga olib, yirik tashkilotlarda 2 donadan siyosiy partiya nashrlariga obuna bo‘lish to‘g‘risida farmoyish chiqargan ekan, ertaga aynan ana shu gazetalarda nomzodlar va ularning dasturlari e’lon qilinishini nazarda tutgan bo‘lsa, bundan fojia yasashni mantiqan to‘g‘ri, deb bo‘ladimi?

To‘g‘ri, hali gazeta-jurnallarimiz, axborot agentliklarimiz faoliyati talab darajasida emasligini tan olmay ilojimiz yo‘q. Ammo ular nega shunday ahvolga tushib qoldilar, nega o‘zbek jurnalistikasi vakillari jamiyatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni, mavjud kamchilik va nuksonlarni yoritishga uzoq vaqt jazm etmadilar, degan savolning javobi aniqku!

Hali-hanuz O‘tkir Rahmat, Safar Ostonov, Erkin A’zam, Shuhrat Jabborov, Ahmadjon Meliboyev, Ikrom O‘tbosarov, Norbobo Shakarov, Temur Abdurahmonov, Farmon Toshev, Muhammadjon Obidov, Qulmon Ochil, Ahror Ahmedov singari zabardast ustozlarimizning maqolalari, jurnalistik surishtiruvlarini yurtdoshlarimiz eslab yuradi. Ulardan keyin esa milliy jurnalistikaga yana bir avlod kirib keldi. Bugun majburiy obuna haqida safsatabozlik qilayotganlar onasining qornida ham yo‘q paytlarda yuqorida nomlari tilga olingan ustozlarimiz milliy matbuotimizning nimalarga qodir ekanini amalda isbotlaganlar.

Keyingi ikki yil davomidagi o‘zgarishlar tufayli bugun yana jurnalistikamiz uyg‘onib, eski mavqeini tiklashga urinmoqda.

Buni Xalq so‘zi , Pravda vostoka , O‘zbekiston ovozi va Ishonch gazetalarida o‘nlab noan’anaviy yo‘nalishdagi maqolalar e’lon qilinib, dolzarb masalalar jamoatchilik e’tiboriga havola qilinayotganida ham ko‘rish mumkin. Oila davrasida , Oila va jamiyat gazetalarining dizayni, mazmuni tubdan o‘zgardi. Ammo tan olishimiz kerak, ana shu nashrlarning katta bir nuqsoni bor: ular ba’zi saytlardagidek chalakam-chatti xabarlar, asoslanmagan axborotlarga tayanib, o‘quvchini aldash yo‘li bilan obro‘-e’tibor qozonishga urinmayaptilar. Burnining tagidan narini ko‘rmaydigan ayrim blogerlar esa internet imkoniyatlariga tayanib, butun dunyoga ayuhannos solishga urinyapti. O‘zini xalqparvar qilib ko‘rsatishga jon-jahdi bilan harakat qilyapti. Maqsad aniq qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, o‘zlarining obunachilari sonini oshirib, layk yig‘ish va pul ishlashdan iborat. Buzoqning yugurgani somonxonagacha degan gap bor xalqimizda. Savodi haminqadar saytlar, o‘pkasi yo‘q blogerlar davri ertami-indin o‘tadi. Ammo ular keltirayotgan zararni qoplash uchun ancha vaqt sarflashimizga to‘g‘ri keladi, xolos. Ayni paytda olimlar dunyoda hissiz, tuyg‘usiz avlod shakllana boshlaganini og‘riq bilan e’tirof etmoqda.

Peshku tumani hokimi nochor ahvoldagi tuman gazetasini qo‘llab-quvvatlash niyatida 200 ta obuna uyushtirish to‘g‘risida farmoyish chiqarganini go‘yoki jinoyat ga tenglashtirayotgan do‘stlarimiz Buxoro viloyatining chekka bir tumanidagi ana shu nashrda bor yo‘g‘i birgina oliy ma’lumotli jurnalist ishlashidan xabardormikin? 500 ming so‘m atrofida oylik olayotgan 4 nafar texnik xodim ming bir qiyinchiliklarga qaramay Peshku ovozi ni chiqarmoqda. Tuman hokimi ushbu nashrga obuna uyushtirish to‘g‘risidagi xatga imzo chekkanida peshkulik hamkasblarimizni faqat shu yo‘l bilan qo‘llab-quvvatlash mumkinligini bilgan, albatta. Shuning uchun ham o‘pkasi yo‘q blogercha tanqid qilgan hokimning otasiga rahmat, deyish kerak! Bitta savodsiz saytda bildirilgan mulohaza, tanqid yoki fikrdan cho‘chib, o‘z so‘zidan qaytgan ayrim hokimlardan farqli o‘laroq Peshku tumani hokimi o‘z gazetasini qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. Albatta, bugungi kunda bosma nashrlarimizning tezkorlik borasida TV yoki zamonaviy saytlarga yetishi qiyin. Bunga tobora rivojlanib borayotgan va kundan kunga o‘z auditoriyasini kengaytirayotgan Kun.uz, Xabar.uz, Turon 24 internet nashrlari faoliyati misol bo‘lishi mumkin.

Ammo chuqur tahlillar va qiyosiy yondashuvlar masalasida bosma nashrlar o‘rnini biron-bir muqobil OAV bosa olmasligini tahlilchilar alohida ta’kidlamoqda. Buni xorijiy nashrlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Ha, chindan davr o‘zgardi. Axborot uchun biron-bir to‘siq qo‘yib bo‘lmaydigan zamon bugun. Bir necha soniyada dunyoning narigi chetida yuz bergan hodisadan voqif bo‘lyapmiz. Internet beqiyos imkoniyatlar makoni ekanini amalda isbotladi. Uning foydali tomonlari xususida har qancha gapirsak arziydi. Ammo ana shu makon yoshlarni tobora o‘z domiga tortayotgani, turli sharm-hayosiz suratlar, chiroyli hikoyalardan iborat axborotlari bilan ular qalbini zabt etayotgani ham achchiq haqiqat.

Mamlakatimizda ham yangidan-yangi saytlar paydo bo‘ldi, blogerlar emin-erkin ish olib boryapti. Ammo ular faoliyati chuqurroq tahlil etilsa, aksariyat hamkasblarimiz oldi-qochdi xabarlar, shov-shuv va bir tomonlama qarashlar, jamiyatdagi muammolarni bo‘rttirib ko‘rsatishdan nariga o‘tmayotganini ko‘rish mumkin. Kechagina Qalampir.uz vakili Qashqadaryoda tashkil etilgan, ming-minglab yurtdoshlarimiz e’tiborini tortayotgan Vatanparvarlar bog‘i dan kir qidirishga urinib ko‘rdi. Nachora, hali to‘la ishga tushirilmagan inshootning devorlari qurigan-qurimaganini, suvog‘i qotgan-qotmaganini yozib, obro‘-e’tibor qozonishni kimdir o‘ziga ep bilayotgan ekan, shu yo‘lda davom etaversin. Ammo bunday xatti-harakat jurnalist nomiga monand emas. Yuqoridagi holat xususida ham ana shunday fikr bildirish mumkin. To‘g‘ri, u bir masalada haq. Peshku tumani hokimining xatida tavsiya so‘zi yozilmagan. Ammo bu bilan mantiq o‘zgaradimi? Bugunga kelib, zamonaviy kadrlar tanqisligi, dizaynerlarning anqoning urug‘iga aylangani, jurnalistikada ish haqining kamligi milliy matbuotimizni turli muammolarga duchor etayotganini ham e’tibordan qochirmasak, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Ushbu maqolaga tanlangan suratga bir e’tibor qarating. Tarozining qay pallasi tosh bosayotganini ko‘ryapsizmi? Xitoyda o‘rnatilgan ana shu haykalni izohlashga hojat bormikin?

Manba: O‘zA

Kiritildi: 14:35 24.12.2018. O'qildi: 8473 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!