AQSh Mudofaa vazirligi tinch aholi orasidagi qurbonlar haqida Kongressga hisobot taqdim etdi.
AQSh Mudofaa vazirligi Senatga o‘tgan yildagi harbiy operasiyalar haqida 12 sahifalik hisobot taqdim etdi. Hujjatda AQShning Yamandagi husiylar ob’ektlariga bergan havo zarbalari oqibatida 153 nafar tinch aholi halok bo‘lgani va 243 kishi yaralangani rasman tan olingan.
Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu davrda AQSh harbiy harakatlari natijasida tasdiqlangan tinch aholi qurbonlarining barchasi Yaman hududida qayd etilgan. Eng ko‘p qurbonlar aprel oyidagi uchta zarba natijasida bo‘lgan: 6 aprel kuni Sanoda 5 kishi, 17 aprel kuni Ras-Iso portiga berilgan zarbada 80 nafar tinch aholi, 28 aprel kuni Saada viloyatida esa kamida 47 kishi halok bo‘lgan.
Shu bilan birga, Human Rights Watch, Yemen Data Project va Airwars kabi huquq himoyasi hamda monitoring tashkilotlari haqiqiy qurbonlar soni 230–250 nafardan oshishi mumkinligini bildirmoqda. Ular Ras-Iso portiga berilgan zarbani ehtimoliy harbiy jinoyat sifatida tekshirishga chaqirmoqda. Pentagon esa yana 15 ta holat bo‘yicha tekshiruv davom etayotganini ma’lum qildi.
Bu vaziyat fonida husiylar harakatining harbiy qanoti Moxa shahri yaqinidagi harbiy ob’ektlar, o‘q-dori omborlari va qo‘mondonlik markazlariga, shuningdek, Marib viloyatidagi Tadavin harbiy lageriga ballistik raketalar va dronlar bilan ommaviy zarbalar berganini bildirdi.
Husiylar vakillari hujumlar natijasida nishonlar yo‘q qilingani va o‘nlab harbiy xizmatchilar, jumladan, saudiyalik mutaxassislar halok bo‘lganini da’vo qildi. O‘z navbatida, Yaman Milliy qarshilik kuchlari hujum qaytarilganini, kamikadze-dronlar urib tushirilganini va Moxa porti hamda fuqarolik infratuzilmasiga zarbalar berilganini bildirdi. Bu hujumlar natijasida tinch aholi orasida ham qurbonlar va yaradorlar borligi aytildi.
Er-Riyod o‘z harbiy qismlari Yaman hududida mavjud emasligini bildirib, Saudiya Arabistonining roli Yamanning qonuniy hukumatiga ko‘mak berish va chegaralarni qo‘riqlash bilan cheklanishini ta’kidladi.
Ekspertlar zo‘ravonlikning kuchayishi 2022 yil aprelidan beri mamlakatda saqlanib kelayotgan sulhni butunlay barbod qilishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.