AQSh harbiylari prezident Donald Trampga Venesuelaga qarshi potensial operasiyalar, jumladan quruqlikdagi nishonlarga zarbalar berish bo‘yicha yangilangan rejalarni taqdim etdi.
Bu haqda CBS telekanali manbalarga tayanib xabar berdi.
Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Pentagon kotibi Pit Xegset va shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi Den Keyn ishtirok etdi, deyiladi xabarda. Ular Trampga yaqin kunlarda AQSh harbiylari tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan harakatlar haqida ma’lumot berishdi.
Nashrning ta’kidlashicha, Vashington ma’muriyati bu borada “yakuniy qarorlar” qabul qilmagan.
Ushbu potensial operasiyalarning tafsilotlari berilmagan.
Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levitt chorshanba kuni jurnalistlar uchun navbatdagi brifingda AQSh kuch ishlatishni davom ettirish niyatida ekanligini aytdi, uning maqsadi Karib dengizi mintaqasida giyohvand moddalar savdosini to‘xtatishga qaratilgan.