Qo‘shma Shtatlar bundan buyon Yevropa mamlakatlarining xavfsizligiga "yagona kafolat" bo‘la olmasligi haqida Pentagon rahbari Pit Xegset ma’lum qildi.
"AQShning Yevropa xavfsizligiga yagona kafolat bo‘lgan davri o‘tdi", - dedi mudofaa vaziri Pensilvaniya shtatidagi AQSh Quruqlik qo‘shinlari kollejida so‘zlagan nutqida. - "Bu allaqachon pishib yetilgan edi. Yevropa harbiy jihatdan faollashishi va yetakchilikni o‘z qo‘liga olishi kerak."
AQSh mudofaa idorasi rahbarining aytishicha, Yevropa davlatlarining o‘z xavfsizligini ta’minlashdagi roli kuchayishi bilan AQShda boshqa yo‘nalishlarga e’tibor qaratish uchun imkoniyatlar paydo bo‘ladi - birinchi navbatda, Osiyoda Xitoy ta’sirining kuchayishiga qarshi turish uchun.
Xegset, shuningdek, NATO bo‘yicha Yevropa ittifoqchilaridan harbiy xarajatlarni yalpi ichki mahsulotning 5 foizigacha oshirishni talab qilishini ta’kidladi.
"Prezident Trampning ikkinchi prezidentlik muddatining dastlabki 100 kuni davomida dunyoga yo‘llagan xabari juda aniq: "Amerika yana faoliyatda," - deya qo‘shimcha qildi vazir.