Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Payg‘ambarimizning eng yaqin safdoshlari

Payg‘ambarimizning eng yaqin safdoshlari

Islom tarixchilarining ma’lumotlariga ko‘ra, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom jami o‘n bir xotin bilan nikohlanganlar. Ana shu holatdan din dushmanlari Islomni va uning Payg‘ambarini yomonotliq qilib, ta’na-malomat toshlarini otishda keng foydalanishadi. Hatto ayrim musulmonlar ham buni ro‘kach qilib, xotinlari sonini ko‘paytirish payidan bo‘lishadi. Ba’zi gumroh va johil kimsalar esa «Payg‘ambar alayhissalom havoyi nafsiga berilib, shahvatini qondirish uchun shuncha ayolga uylanganlar», deya ta’na qilishgacha borishadi. Xullas, bu mavzu atrofida shubha-gumon, adashuv-yolg‘on, tuhmat va ig‘volar keragidan ortiqcha. Keling, bu haqdagi mulohazalarni xolis bir ko‘rib chiqaylik.

Sarvari olam ilk bor yigirma besh yoshlarida qirq yoshli, oldin ham ikki marta turmush qurgan Xadicha binti Xuvaylid roziyallohu anhoga uylanganlar va qirchillama yigitliklarining yigirma besh yilini shu pokiza va sadoqatli ayol bilan o‘tkazganlar. Yashab qolgan farzandlari ham Xadichai Kubrodan edi. Hijratdan uch yil oldin, hazrati Xadicha vafot etgachgina, Payg‘ambar alayhissalom boshqa ayollarga uylandilar. U zot shundan keyin turli yillarda Savda binti Zam’a, Oisha binti Abu Bakr, Hafsa binti Umar, Zaynab binti Huzayma, Ummu Salama, Zaynab binti Jahsh, Ummu Habiba, Juvayriya binti Horis, Safiyya binti Huyay, Maymuna binti Horis onalarimiz bilan nikohlandilar. Hazrati Moriya Qibtiya (Payg‘ambarimizning yolg‘iz o‘g‘illari Ibrohimning onasi) ozod-hur xotin emas, Misr hukmdori hadya qilgan cho‘ri bo‘lgani uchun ko‘pchilik Islom olimlari uni Rasululloh alayhissalomning pokiza zavjalari ro‘yxatiga kiritishmagan.

Ana shu ayollarning (hazrati Oishadan tashqari) barchalari oldin turmush qilgan, erlari o‘lgan yoki eri mushrikligi uchun undan ajrashgan beva xonimlar edi. Agar Payg‘ambar alayhissalom shahvat ketidan quvganlarida yoki huzur-halovatlarini o‘ylaganlarida bir necha bolali, beva ayollarga emas, bokira, turmush qurmagan yosh qizlarga yigitlik chog‘larida xohlagancha uylanardilar. Vaholanki, o‘sha paytda arablarda o‘ntadan-yigirmatadan ayolga uylanish odatiy hol edi. Aslida u zotning ko‘p ayolga nikohlanishlarining asosida bir qancha siyosiy, iqtisodiy, axloqiy va boshqa sabablar bor edi.

Payg‘ambarimiz eng yaqin yordamchilari va qo‘llab turuvchilari bo‘lmish amakilari Abu Tolib va ayollari Xadichai Kubrodan ajrab qolgach, odamlarni Islomga da’vat qilish uchun tarafdorlarini ko‘paytirish, yanada quvvatlanish uchun ba’zi obro‘li odamlar bilan qudachilik aloqasini o‘rnatishga to‘g‘ri keldi. Masalan, Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattobning qizlariga uylanish orqali bu ikki zot Payg‘ambarimizning eng yaqin safdoshlariga, keyinchalik esa Islom davlatining rahbarlariga aylanishdi. Bu masalaning bir tomoni.

Ikkinchi sababi – Faxri koinot turli sabablarga ko‘ra qaraydigan yordamchisi, boquvchisi qolmagan, erlari vafot etib tul qolgan beva ayollarga mehribonchilik, rahmdillik ko‘rsatish uchun ularni qaramog‘lariga olib, uylanganlar.

Masalaning uchinchi tomoni shuki, din da’vati odamlar qalbidan joy olishi uchun ular bilan yaqinlashish, do‘st tutinish, o‘zaro munosabatlarni kuchaytirish kerak edi. Payg‘ambar alayhissalom ba’zi ayollariga uylanish orqali ko‘plab odamlarning qalbini o‘zlariga ulfat qilib yaqinlashtirdilar. Boshqa ba’zi xotinlari sababidan odamlardan o‘zlariga yetadigan aziyat va dushmanchiliklarni daf etdilar. Shuningdek, ayrim xotinlariga uylanib, ularni mushriklik, qashshoqlik, xorlik kabi halokatli ishlardan qutqarib qoldilar. Payg‘ambarimiz bu ayollarning har biri Islomga chorlovchi, odamlarga halol-haromni bayon qiluvchi, diniy ishlarda fatvolar chiqarib, ta’lim beruvchi jonli madrasalar bo‘lishini niyat qilgan edilar va shunday bo‘ldi ham. Oisha binti Abu Bakr yirik olima bo‘lib yetishdilar, musulmon ummatiga fatvolar berdilar, Payg‘ambar alayhissalomdan eng ko‘p hadis rivoyat qilganlar safida edilar. Ummu Salama onamiz ham Islom olimalaridan bo‘lganlar. Hazrati Rasululloh bu uylanishlardan yana nimani iroda qilganlari yolg‘iz Parvardigorga ayon.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Payg‘ambarimiz alayhissalomning o‘z xotinlariga qilgan muhabbatlari, e’tibor, adolat va ehtiromlari boshqa biron bashar naslining qo‘lidan kelmaydi. Sahih hadislarda kelishicha, u zot o‘zlarining birinchi va sadoqatli zavjalari Xadicha binti Xuvaylidni umr bo‘yi e’zozlab, hurmatini joyiga qo‘yib kelganlar. «Dunyo ayollarining eng yaxshisi Xadicha binti Xuvayliddir», deb marhamat qilganlar. Hatto Xadichaning vafotidan keyin ham uning xotirasini unutmay, yaqin dugonalarini yo‘qlab turganlar.

Yoki janob Payg‘ambarimizning hazrati Oishaga bo‘lgan hurmat va ehtiromlari har qanday musulmon erkagi uchun katta ibratdir.

Rivoyat qilinishicha, odamlar sovg‘a-salomlarini Payg‘ambarimiz asosan hazrati Oishanikida bo‘lganlarida olib kelishar ekan. Shunda u zotning zavjalari bu haqda u zoti bobarakotga shikoyat qilishibdi. Shunda Rasuli akram alayhissalom: «Ey Ummu Salama, menga Oisha haqida ozor berma, Allohga qasamki, ichingizda undan boshqa biron ayolning choyshabidagiligimda menga vahiy nozil bo‘lgan emas», deganlar

(Buxoriy va Termiziy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollar o‘rtasida adolat qilishda ham namuna edilar va ashoblaridan ham shuni talab etardilar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kimning ikkita xotini bo‘lsa-yu, ulardan biriga moyil bo‘lsa, qiyomat kuni bir tomoni moyil (falaj) holda keladi», dedilar».

Sunan egalari rivoyati.

Hazrati Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taqsimda, oldimizda qolishlarida ba’zimizni ba’zimizdan ustun ko‘rmas edilar. Hammamizning oldimizga kirib aylanib chiqmagan kunlari oz bo‘lar edi. Tegmasalar ham har bir ayolning yoniga kirib chiqar, navbat kuni kelganning oldida yotib qolar edilar»

Abu Dovud, Ahmad va Buxoriy rivoyati.

Hazrati Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safarni iroda qilsalar, xotinlari orasida qur’a tashlar edilar. Qaysi biriga chiqsa, o‘shani o‘zlari bilan birga safarga olib chiqar edilar. Ulardan har biri uchun xos kunni va kechani taqsim qilar edilar. Faqatgina Savda binti Zam’a o‘z kunini Oisha roziyallohu anhoga hadya qilgan edi».

Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Nasaiy rivoyati.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Allohning Payg‘ambari bir kechada xotinlarining hammasini aylanib chiqar edilar. O‘sha kunlarda u zotning to‘qqiz xotinlari bor edi».

Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiy rivoyati.

Nima bo‘lganda ham, Payg‘ambarimiz uylangan barcha ayollar u zot vafotlaridan keyin «mo‘minlar onasi» sifatida hurmat-e’tiborda bo‘lishdi, u zot xonadoniga munosib ravishda yuksak axloq va chin insoniy fazilatlarda namuna holda umrguzaronlik qilishdi. U zotning oilaviy hayotlari boshqa fazilatlari va axloqiy komilliklari kabi insoniyat uchun ibrat bo‘lib qolaveradi.

Anvar Ahmad tayyorladi

 

Kiritildi: 22:45 08.11.2019. O'qildi: 11573 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!