Bugun 6 may, 2024 yil, dushanba

КИР

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qiyomat kuni biz ummatlarini qanday tanib oladilar?

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qiyomat kuni biz ummatlarini qanday tanib oladilar?

Qiyomat kuni Odam alayhissalomdan boshlab to Qiyomatgacha yaratilgan barcha insonlar mahshar maydonida to‘planadilar. Tasavvur qiling, o‘sha paytda qancha odam bo‘ladi. Hozir dunyo aholisining soni 7 milliarddan ortiq bo‘lsa, Odam alayhissalomdan to Qiyomatgacha qancha inson yashab o‘tgan bo‘ladi? Juda ham ko‘p! Aniq sanog‘ini Alloh taoloning O‘zi biladi! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ana shuncha miqdordagi kishilar orasida turgan ummatlarini qanday tanib oladilar? Bu haqida vorid bo‘lgan hadislardan birini keltirsak:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Albatta, ummatim Qiyomat kuni tahoratning asaridan «G‘urran Muhajjaliyn» deb (peshonalari oppoq va oyoq-qo‘llaridan nur taralib turgan hollarida) chaqirilurlar. Sizlardan kim o‘zining g‘urrasini (qashqasini) uzaytirishga qodir bo‘lsa, shuni qilsin!» Buxoriy rivoyati.

“G‘urra” deb otning peshonasidagi oq qashqaga aytiladi.

“Muhajjal” deb old va orqa oyoqlarining tuyoqlaridan yuqori qismi oppoq bo‘lgan otlarga aytiladi.

Odatda ko‘pgina otlar ichida mazkur sifatga ega bo‘lganlari go‘zalligi va qashqalari bilan ajralib turadi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam biz ummatlarining yuzlaridan va oyoq-qo‘llaridan nur taralib turganini ko‘rib, shundan tanib olar ekanlar. Bu nur tahorat sababli paydo bo‘lar ekan. Endi kim “Qiyomat kuni nurim uzun va yorqinroq bo‘lsin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni tanib olishlari yana ham oson bo‘lsin” desa, doim tahoratli yurishga, ibodatlarni o‘z vaqtida ado etishga harakat qilsin!

Alloh taolo barchamizga qiyomat kuni ana shunday nur ato etsin!

Manba: muslim.uz

Kiritildi: 11:44 07.09.2019. O'qildi: 11013 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!