Bugun 29 sentyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Paxta yetishtirishda tejamkor texnologiya: Xorazmda yangi usul sinovdan o‘tkazildi

Paxta yetishtirishda tejamkor texnologiya: Xorazmda yangi usul sinovdan o‘tkazildi


Joriy yilning 23-sentyabr sanasida Xorazm viloyatining Yangiariq tumanidagi «Baraka Boltimur» fermer xo‘jaligida paxta yetishtirishda regenerativ qishloq xo‘jaligi va yerga kamaytirilgan ishlov berish texnologiyalariga bag‘ishlangan Dala kuni o‘tkazildi.

Tadbir Global ekologik jamg‘arma tomonidan moliyalashtirilayotgan «O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga ta’sirini baholash dasturi» — FOLUR-O‘zbekiston loyihasi doirasida tashkil etildi. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti — FAO hamkorligida amalga oshirildi.

Tadbirda fermerlar, soha mutaxassislari, loyiha hamkorlari va ommaviy axborot vositalari vakillari tuproqqa mexanik ishlovni kamaytirish, suv va mineral o‘g‘itlardan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy tajribalar bilan tanishdi.

Regenerativ qishloq xo‘jaligi tuproqning sog‘lomligi va unumdorligini saqlash, suv va boshqa resurslardan samarali foydalanish hamda qishloq xo‘jaligining atrof-muhitga ta’sirini kamaytirishga qaratilgan yondashuv hisoblanadi. Unda yerga ishlovni kamaytirish, o‘simlik qoldiqlarini dalada saqlash, ekinlarni diversifikasiya qilish, o‘g‘itlarni tahlil asosida qo‘llash va suvni oqilona boshqarish kabi usullardan foydalaniladi.

«Baraka Boltimur» fermer xo‘jaligining 30 gektarlik namoyish maydonida an’anaviy va kamaytirilgan ishlov usullari taqqoslandi. Natijada kamaytirilgan ishlov berish variantida bahorgi ikki marta chizellashdan voz kechilgan, boronalash va molalash uch martadan bir martaga, sug‘orishlar esa besh martadan uch martaga qisqartirilgan.

O‘g‘itlashda ham farq kuzatilgan. An’anaviy usulda bir gektarga 300 kilogramm ammofos berilgan bo‘lsa, tajriba maydonida bu ko‘rsatkich 100 kilogrammni tashkil etgan. Ammiakli selitra, ammoniy sulfat va kaliy xlor me’yorlari o‘zgartirilmagan. Suspenziya bilan ishlov berish soni ham besh martadan uch martaga kamaytirilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, kamaytirilgan ishlov texnologiyasi bir gektar hisobida 35 litr yoqilg‘i va 200 kilogramm ammofosni tejash, shuningdek, ishlab chiqarish xarajatlarini 4,07 million so‘mgacha kamaytirish imkonini bergan.

Ayni paytdagi dala holatidan kelib chiqib, tajriba maydonida gektariga 55–60 sentner hosil olinishi kutilmoqda. Bu prognoz ko‘rsatkichi bo‘lib, yakuniy natija paxta to‘liq yig‘ib olinganidan keyin aniqlanadi.

Loyiha doirasida fermer xo‘jaligida Braziliyadan olib kelingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekishga mo‘ljallangan maxsus seyalkadan ham foydalanilmoqda. Urug‘ni belgilangan chuqurlik va masofada aniq joylashtirish bilan birga, fosforli o‘g‘itni dalaning butun yuzasiga sochmasdan, urug‘ va kelajakdagi ildiz zonasiga yaqin joylashtirish imkonini beradi. Bu bir tekis ko‘chat olish va o‘g‘itdan foydalanish samaradorligini oshirish uchun sharoit yaratadi.

Fermer xo‘jaligi rahbari To‘roboy Rajabovning aytishicha, texnologiya avval 80 gektar maydonda sinovdan o‘tkazilgan. Ijobiy natijalardan so‘ng joriy yilda uni 200 gektar maydonda qo‘llash yo‘lga qo‘yilgan. Uning ta’kidlashicha, yerga ishlov berish operasiyalarining kamayishi texnika, yoqilg‘i va mehnat xarajatlarini qisqartirish imkonini bergan.

FOLUR-O‘zbekiston loyihasi doirasida Xorazmdagi tajriba bilan bir qatorda Qashqadaryo va Qoraqalpog‘istonda ham tabiiy resurslardan samarali foydalanish va ekotizimlarni tiklashga qaratilgan ishlar ham amalga oshirilmoqda.

Qashqadaryoning Qamashi tumanida qiyaliklarga mos ravishda yomg‘ir suvlarini yig‘ish texnologiyalari — terrasalar, xandaqlar, suv oqimini ushlovchi polosalar va yarim oy shaklidagi to‘siqlar sinovdan o‘tkazilmoqda. Shuningdek, hududga mos pista, bodom, tut, qayrag‘och, juzg‘un va saksovul kabi daraxt va butalar ekilmoqda.

Shahrisabz tumanining Sarchashma qishlog‘ida esa qishki buloq suvlarini tabiiy sovuq harorat yordamida muz shaklida saqlash texnologiyasi sinovdan o‘tkazildi. To‘rtta ustun orqali 1600 kub metr muz hosil qilingan bo‘lib, uning erishi natijasida taxminan 1000 kub metr foydali suv olish imkoni yaratilgan.

Qoraqalpog‘istonning Chimboy va Nukus tumanlarida bug‘doy, arpa, tritikale, javdar, mosh, no‘xat va makkajo‘xorining turli navlari sinovdan o‘tkazilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, no‘xat sholiga muqobil ekin sifatida qo‘llanishi mumkinligi o‘rganilmoqda.
Bundan tashqari, Qorao‘zak, Beruniy va Qamashi tumanlarida mahalliy hamjamiyatlar ishtirokida ko‘chatxonalar tashkil etish, hududga mos daraxt va o‘simlik turlarini ko‘paytirish hamda degradasiyaga uchragan ekotizimlarni tiklashga qaratilgan ishlar rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida yer degradasiyasi xavfi, yer qoplami, o‘simliklar holati, qiyalik va tuproq sho‘rlanishi bo‘yicha geografik axborot tizimlari asosida tahlillar ham amalga oshirilgan. 25 dan ortiq ma’lumotlar to‘plami birlashtirilib, 40 dan ziyod xarita va tahliliy mahsulot tayyorlangan.

Xorazm milliy tabiat bog‘ining 1,5 gektar maydonida beda, bug‘doy va raps aralashmasi, Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatida esa 3 gektar maydonda Buxoro bug‘usi va boshqa yovvoyi hayvonlar uchun ozuqa bazasini yaratish maqsadida beda va bug‘doy ekilgan.

Loyihaning asosiy maqsadi — tuproq sog‘ligini saqlagan holda suv, yoqilg‘i, urug‘lik va mineral resurslardan samarali foydalanish, degradasiya jarayonlarini kamaytirish va qishloq xo‘jaligida barqaror ishlab chiqarish amaliyotlarini kengaytirish imkoniyatlarini dala sharoitida baholashdan iborat.

Kiritildi: 16:49 25.09.2026. O'qildi: 836 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!