Bugun 17 dekabr, 2025 yil, chorshanba

КИР

Parijdagi YUNESKO Bosh qarorgohida Turkiy dunyoning buyuk me’mori Ajami Naxchivoniyning 900 yilligi nishonlandi

Parijdagi YUNESKO Bosh qarorgohida Turkiy dunyoning buyuk me’mori Ajami Naxchivoniyning 900 yilligi nishonlandi

2025-yil 15-dekabr kuni Parijdagi YUNESKO Bosh qarorgohida Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi tashabbusi bilan Ozarbayjon Respublikasining YUNESKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi, Ozarbayjon Respublikasining YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi hamda Ozarbayjon Me’morlar uyushmasi hamkorligida mashhur ozarbayjon me’mori Ajami Naxchivoniyning 900 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbir doirasida Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi tomonidan nashr etilgan “Ozarbayjon me’moriy merosining dahosi: Ajami Naxchivoniy – 900” nomli kitob taqdimoti hamda buyuk me’morning boy ijodiy merosini namoyish etuvchi ko‘rgazma tashkil etildi. Mazkur nashr ozarbayjon, rus va ingliz tillarida chop etildi.

Tadbirning asosiy maqsadi Ajami Naxchivoniyning jahon me’morchiligi tarixiga qo‘shgan beqiyos hissasini, ozarbayjon me’morlik maktabining umuminsoniy qadriyat sifatidagi ahamiyatini hamda turkiy dunyoning insoniyat madaniy merosini shakllantirishdagi o‘rnini xalqaro jamoatchilikka tanishtirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti, xonim Aqtoti Raimqulova ushbu tadbir 15-dekabr — Turkiy tillar oilasi kuni bilan uyg‘un holda o‘tkazilganini ta’kidlab, uning ramziy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi. U Ajami Naxchivoniyning ijodini turkiy dunyoning intellektual va ma’naviy merosining yorqin ifodasi sifatida yuksak baholadi hamda uning me’moriy durdonalari yuksak texnik mahorati, falsafiy teranlik va madaniy o‘zlikni uyg‘unlashtirganini qayd etdi. Shuningdek, yubiley tadbirining YUNESKO homiyligida o‘tkazilishi uning merosi xalqaro miqyosda e’tirof etilganidan dalolat berishini ta’kidladi.

Shuningdek, tadbirda Ozarbayjon Respublikasining YUNESKO huzuridagi Favqulodda va Muxtor elchisi Elman Abdullayev, YUNESKOning Madaniyat bo‘yicha bosh direktor yordamchisi Ernesto Ottone Ramires, Ozarbayjon Me’morlar uyushmasi kotibi Rasim Babakishiyev hamda Ozarbayjon Respublikasining YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi vakili Nigar Rahimli nutq so‘zladilar.

Tadbir tantanali ruhda o‘tkazilib, madaniy merosni asrash va targ‘ib etishda xalqaro hamkorlikning muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Kiritildi: 18:54 16.12.2025. O'qildi: 257 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!