Ilhom Aliyev Bokuda Falastin bosh vaziri bilan uchrashuvda savdo, ta’lim va gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Falastin bosh vaziri Muhammad Mustafo bilan Bokuda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Falastinning mustaqil va suveren davlat sifatida tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi.
«Mamlakatimiz poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil va suveren Falastin davlatini barpo etishni qo‘llab-quvvatlaydi», — dedi Ilhom Aliyev. Bu haqda Ozarbayjon prezidenti matbuot xizmati ma’lum qildi.
Muhammad Mustafo esa Falastin hozirda «murakkab vaziyat»da ekanini ta’kidlab, uni do‘st mamlakatlar ko‘magi bilan yengib o‘tishga umid bildirdi.
U Ozarbayjonning Falastinga ko‘rsatayotgan yordami, jumladan gumanitar loyiha sifatida Falastinda o‘rta maktab qurish rejasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, Boku Falastinning Ozarbayjondagi elchixonasi faoliyati bilan bog‘liq barcha xarajatlarni qoplashda davom etadi va avvalroq Ramallada ochilgan vakolatxona faoliyatini ham rivojlantiradi.
Ozarbayjon Falastinni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha uzoq yillik tajribaga ega. Avvalroq Boku Falastinga 5 million dollar moliyaviy yordam ajratgan, BMTning Falastinlik qochqinlar agentligi (BAPOR) orqali muntazam gumanitar mablag‘lar yo‘naltirib kelmoqda hamda falastinlik talabalarni grant dasturlari asosida o‘qitishni yo‘lga qo‘ygan.
Uchrashuvda tomonlar Falastindan Ozarbayjonga ayrim turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini imtiyozli shartlarda eksport qilish imkoniyatlarini ham muhokama qilib, o‘zaro manfaatli boshqa masalalar yuzasidan fikr almashdi.