Bugun 22 oktyabr, 2024 yil, seshanba

КИР

Orol dengizi suvi Kaspiyga oqib ketganmi?

Orol dengizi suvi Kaspiyga oqib ketganmi?

Yaqinda qoraqalpog‘istonlik taniqli jurnalist, yozuvchi O‘mirbay O‘teuliyevning Erkin Qaraqalpaqstan gazetasida Qorateran - Orolning uchinchi ko‘zi, to‘rtinchisi qayoqda? degan qiziqarli maqolasi chop qilindi. Maqolada ta’kidlanishicha, Orol bilan Kaspiyning o‘rtasida bog‘lovchi yer osti daryosi mavjud, lekin bu dalil negadir hamon sir tutib kelinmoqda.

- Orol bilan Kaspiyni bog‘lab turgan yer osti daryolari mavjud ekanligi haqida xayoliy va ilmiy farazlar, afsona-hikoyalar mavjud. Baliqchi bobolarimiz Orolning to‘rtta ko‘zi bor, birinchisi, dengizning qoq markazida. U yerda suv o‘tovning kattaligiday keladigan chuqurga girdob bo‘lib yer tagiga singib ketadi. Ikkinchisi Ustyurtdagi Gurkureuik qudug‘i. Nomidan ma’lum bo‘linganidek, bu yerda suv yer ostida gurkirab oqib turadi. Kechasi qaynagan qumg‘ondek paqirlagan ovozi olis-olislargacha tarqalib, kishini dahshatga soladi. Quduqdagi ba’zida yarim, ba’zida to‘lib oqib turadigan suviga narsa tashlasang yashin tezligida oqizib ketadi. Uchinchisi, Taxtako‘pir tumanidagi Qarateran ko‘li. To‘rtinchisi ko‘zi qayoqda?, - deyiladi maqolada.

Unda ta’kidlanishicha, qozog‘istonlik olimlar dengiz o‘rtasidan birnecha yuz yillik saksovul o‘tinlarini topgan va muzeyga qo‘ygan. Mo‘ynoqqa kiraverishda esa dengiz tomon ketgan eski karvon yo‘llari mavjud. Bu yo‘llar qadimgi Ipak yo‘li ga tutashadi. Demak, tarix sahifalarida yozilganidek, dengiz birnecha marotaba to‘lib, birnecha bor suvi kamayganligi haqiqat.

- O‘tgan asrning 30-yillarida olimlar Kaspiy dengizida bakrabaliq urchitish uchun ularga belgi qo‘yib (sirg‘a taqib) suvga qo‘yib yuboradi. Shu sirg‘a taqilgan bakrabaliqlar Orol dengizidan chiqqan. Yer sathining biri baland nuqtasida, biri pastida joylashgan ikki dengizning o‘rtasida aloqa mavjudligini tekshirish uchun bo‘yoq oqizib ko‘riladi. Taajjubki, Kaspiydan yuborilgan bo‘yoq yana Orolda ko‘rinadi. Hayron qolarlik bu tabiiy jarayon, geografik kashfiyotlarning har tomonlama tadqiq qilinishiga Ikkinchi jahon urushi to‘siq bo‘ladi. Ikki dengizni tutashtiruvchi yer osti daryolari mavjud. Lekin bu hamon sir tutilmoqda. 1940 va 1960 yillarda ikki dengiz o‘rtasida tarnovlar qurilgan. Yer osti qurilmalari qurilishlarida urushda asirga tushgan va o‘limga mahkum etilganlar ishlagan. Asirlikdan ovuliga qochib kelgan bittasi shu sirni e’lon qiladi. Orolning suvi 1960 yillardan boshlab kamaya boshlaydi va aksincha Kaspiy yildan yilga toshib bora beradi, - deydi O‘.O‘teuliyev.

Orolning birinchi ko‘zi haqida mo‘ynoqlik baliqchilar ham bemalol aytib berishi mumkin. Qozog‘istonning Orol tumanida tug‘ilib o‘sgan injener-gidrotexnik Xamza Suxanberdin o‘zining Orol Kaspiy dengizi yer ostidan ulanganmi? maqolasida shunday eslaydi: 1941-1945 yillarda, ya’ni Ikkinchi Jahon urushi paytida men 8-9 yoshda bo‘lganman. U paytda qishloqdagi, shahardagi barcha yumushlarni xotin-qizlar bajarardi. Shu lar dan ko‘p hikoyalar eshitardik. U paytlari Orol dengizi to‘lib-toshib turar edi. Orol shahri bilan Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq shahri o‘rtasida kema or qali tez-tez yuklar tashilib, vagonlarda Moskva tomonlarga jo‘natilar edi. Shuningdek, shu urush yillari Orol dengizida suv osti kemasi mavjudligi to‘g‘risida onalarimizdan ko‘p eshitardik. Keyinchalik ish faoliyatimiz bilan kemada dengiz oralab suzib yurdik. Bu 1968 yil edi. Biz bilan birga xizmat qiladigan kema yurgizuvchi kapi tanlar bor edi. Ularning ba’zilari shu payt pensiyaga yaqinlashib qolgan edi. Biz ulardan bolalik vaqtimizda yodimizda qolib ketgan savollarni beramiz. Ya’ni, Orolning o‘rtasida haqiqatdan ko‘z bormi, suv osti kemalarichi? Ular urush yillarida dengizda suzib yurgan suv osti kemalari odamlarni Voz roj deniye oroliga yetkazib turar edi, deyishdi. Orol dengizining qoq markazida joylashgan Vozrojdeniye sirli orolining g‘arbiy chegarasi Ustyurt tik jarligiga tutashadi. Ustyurt platosining yer yuzasi esa yassi tog‘li bo‘lib ,uning balandligi 100-150 metrgacha yetadi. Bir so‘z bilan aytganda, Orol g‘arbidagi Ustyurt bir vaqtlari yerning tek to ni k qava tining qo‘zg‘alganini ko‘r satadi. Demak, Orol bilan Kas piy o‘rtasining yer osti suv kanallari bo‘lishi shubhasiz. Sababi Kas piy dengizining suvi 1991 yilda ko‘tarilib, sathi 2,06 metrgacha yetdi. Shu yillari Orolga quyadigan daryolar suvi kamaydi.

Orolning suvi ham keskin tortilib ketdi. Shu vaqtlarda Orolning suvi yer osti daryolari bilan Kaspiyga oqib ketmaganmikan? Yana bir voqea, biz dengizning g‘arbidagi, ya’ni qirg‘oq bilan tutashadigan tik jarlikning oldida dengiz suv girdobini ko‘rganday bo‘ldik .

Xamza Suxanberdin aytayotgan dengizning g‘arbidagi tik jarlik bu Ustyurt chinklaridir.

Haqiqatdan ham orolning suvi Kaspiyga oqib ketganmi? Tarixdan ma’lum-ki, Amudaryo Uzboy orqali Kaspiyga oqqan. Lekin, jurnalist O‘.O‘teuliyev ta’kidlayotgan yer osti daryolarining Uzboyga aloqasi yo‘q. Yuqorida tilga olingan ikkita muallifning taxmin qilayotgan gaplarini qoraqalpog‘istonlik arxeolog olim Ongarbay Yusupov ham tasdiqlaydi. U Orolning suvlari aynan shu joyda, ya’ni tik jarlik Ustyurt tog‘ining ostiga qarab ketayotganligini ko‘rganligini ta’kidlaydi.

- 1970-1975 yillarda O‘zbekiston fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi arxeologiya sektori tomonidan Janubiy-sharqiy Ustyurtda keng ko‘lamli arxeologik ishlar olib borildi. Bu arxeologik ekspedisiya ishlariga men ham ishtirok etdim. Ustyurtda ko‘p sir-sinoatlarga duch kelib turdik. Shulardan meni juda qattiq dahshatga solgani Orol dengizi suvlarining qanday qilib g‘arb tomonga ketayotganligini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganim bo‘ldi, - deydi Ongarbay Yusupov. Bu 1975 yil edi. Mashhur arxeolog Vadim Yagodin boshchiligidagi ekspedisiya Ustyurtning sharqiy chink (tik jarlik)ida, ya’ni Duvona burunida qadimiy ko‘chmanchilar davriga oid esdaliklarni qaziyotgandik. Qazishma ishlari Nukusdan 500, Mo‘ynoqdan 300 km olisda olib borilayotgandi. Demak, sivilizasiyadan uzoqda edik. Asosiy ozuqamiz, albatta Orolning baliqlari bo‘ldi. Sababi, biz ishlayotgan joy Ustyurtning sharqiy chegarasi bo‘lib, o‘ng tomonimizda, nari borsa 300 metrda bepoyon va buyuk Orol to‘lib-toshar edi. Orolda baliq ko‘p. Bizga yaqin joyda pastda, ya’ni chinkning tubida bitta buloq ham bor edi. U yerga sayg‘oqlar kelib suv ichardi.

Bir kuni ikkita kishi bo‘lib tog‘dan (Ustyurtdan) pastga, ya’ni dengizga tushib borardik. Ne ko‘z bilan ko‘raylik-ki, tog‘ ikkiga ayrilib, o‘rtasidan yerning tagiga g‘arb tomonga qarab katta miqdordagi suvning ketayotganini ko‘rdik. Dahshatdan qotib qoldik. Suvning oqimi shunday kuchli ediki, yaqiniga borishga qo‘rqib, yuqoriga o‘rmalash payiga tushdik. Suv oqib ketayotgan joydan 20 metrcha nariroqda bitta yuk mashinasining qulab yotganini ko‘rdik. Yuk mashinasining qoshida esa sayg‘oqning o‘ligi yotardi. Bizningcha, sayg‘oqni tutish uchun kimdir avtomashinada quvgan va oldida yer yorig‘i borligini bilmagan. Birinchi undan sayg‘oq tushgan, ketidan avtomashina

Biz o‘tgan yili aprel oyida Ustyurt bo‘ylab sayohatimiz davomida Ongarbay Yusupov aytgan ushbu manzilga bordik. Yo‘l bo‘yi Ustyurtda maxfiy harbiy amaliyotlar olib borilgan zonani, dengizga tushilaldigan beton yo‘lni, qirg‘oqdagi harbiy kazarmalarni ko‘rdik. Bizni hayratga solgani Ustyurtning chinklari dinamit bilan yorib o‘pirilganday ko‘rindi.

Duvona buruniga Nukusdan yo‘ltanlamas avtomashinalarda ikki kun deganda kechga tomon yetib keldik. Olim aytgan arxeologik topilmalarni ham ko‘zdan kechirdik (topilmalar Duvona burunidagi qadimiy zamondagi ko‘chmanchi qabilalarning ov tutish uchun qurgan qurilmasi aranlar edi. Bu aranlarning ko‘pchiligining yoshi 2500 yilga teng).

Duvona buruni haqiqatdan go‘zal manzara. U yerga borgan kishi xuddi Mars sayyorasiga tushib qolgandek his qiladi o‘zini.

Shunday qilib, arxeologik amaliyot olib borilgan joyni hamda olim ta’kidlagan yuk avtomashinasining zanglagan bortlarini ham topdik. Lekin, oradan 50 yilcha vaqt o‘tib ketgan. Ustyurt chinklari qor va yomg‘ir suvlari ta’sirida o‘pirilib ketgan. Dengiz avvallari tog‘ning tagigacha kelib turgan bo‘lsa, endi kamida ikki kilometr olislab ketgan. Kun kech bo‘lib qolgani bois pastga tushib, Orolning to‘rtinchi ko‘zini bemalol qidirishning imkoni bo‘lmadi. Menimcha, bu yerga mutaxassislar bilan ma’lum vaqtga borib, masalaga oydinlik kiritgan ma’qulroq bo‘ladi. Biz shu yerga yaqin joyda bir tup olma va o‘rik o‘sib turganligini ko‘rib lol qoldik.

Ustyurtda o‘tgan asrning 80 yillari oxirigacha sakkizinchi qimyoviy himoyalanish stansiyasi harbiy poligoni harakat qilgan. Ba’zi internet sahifalarida platoda yer osti yadroviy portlatish sodir etilgani haqida ma’lumotlar bor. Portlash to‘g‘risida ustyurtliklar ham aytishadi. Ya’ni ular 90 yillarda gumburlagan ovozlarni eshitgan. Ularning fikricha, portlatishlar orqali yer osti suv yo‘llari bekitilgan.

Janubiy Ustyurt qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Ilyas Naurizbayevning aytishicha, o‘tgan asrning 90 yillarigacha Ustyurtda harbiy samolyotlar izg‘ib yurgan. Ustyurtda xizmat qilgan yoshi kattalarning ko‘pchiligi esa shu samolyotlar yerning tagiga kirib turganini tasdiqlaydi. Demak, Ustyurtda yerning ostida qandaydir maxfiy loyihalar amalga oshirilgani aniq. Bu loyiha ikki dengiz oralig‘iga qurilgan suv yo‘li bo‘lsa ne ajab? Chunki ustyurtlik qarilar yer ostiga ketib turgan gurkiragan suv ovozlarini eshitishgan. 90 yillardagi portlatishlardan keyin bu ovozlar tin oldi.

Albatta, yer osti daryolari mavjud bo‘lgan taqdirda ham u Orolning qurishiga sabab bo‘ldi, deb bo‘lmaydi. Orolning qurishiga, eng avvalo, inson faktori sababchi. Suvni isrof qilish hamda ko‘plab qishloq xo‘jaligi uchun yer maydonlarining ochilishi dengizni falokat yoqasiga olib kelib qo‘ydi.

Lekin, fanda ma’lum bo‘lishicha, Orol 4 marta qurigan va qayta to‘lgan.

Bundan 21 mln. yil avval Orol, Kaspiy va Qora dengiz hammasi bir bo‘lgan. Ushbu buyuk ummonga Tetis deb nom berilgan. Ustyurt, Qoraqum, Qizilqum sahrolari Tetis ummonining tagi bo‘lgan. O‘tgan yili Oqtumshuqdan topilgan toshga aylangan yirik akulaning tishlari Tetis ummoni esdaliklaridir. Tektonik jarayonlar sababli Ustyurt tepaga ko‘tarilib ketib, Qora dengiz, Kaspiy, Orol dengizlari bo‘linib ketadi.

Orolning ilk nomini arab yozuvchisi Ibn Rusta (920 yili) qo‘llagan. Orolning bundan boshqa Xorazm ko‘li, Kerderi ko‘li, Jent dengizi degan nomlari ham bor. Masalan, tarixchi Shaxrux Xafiz-i Abruning 1417 yilda yozgan yilnomasida: Xorazm (Orol) ko‘li yo‘q, Jayhun (Amudaryo) suvi yangi arna topib, Hazar (Kaspiy) dengiziga quya boshladi deyilgan.

2000 yillar boshlarida Orol dengizining Qozog‘iston qismidagi suvi qurigan maydonidan, ya’ni Sirdaryoning dengizga quyib turgan joyidan taxminan 45-50 km ichkarida tarixiy yodgorliklar topildi. O‘tgan asrning 60-yillarida bu joyda 18 metr balandlikdagi suv bo‘lgan. Qurigan dengiz ostidan topilgan tarixiy shahar butun jamiyatni hayratga soldi. Topilgan keramik idishlar esa XIII-XIV asrga tegishli bo‘lib chiqdi. Dengiz ostida qolgan ushbu shaharga Kerderi deb nom berildi. Hayron qolarlik jihati u yerdan masjid, buyumlari bilan dafn qilingan bo‘yi ikki metr keladigan yirik odamlarning qabrlari chiqdi.

Demak, bu shahar Amudaryoning Kaspiyga oqib turgan paytida solinib, keyin qaytadan Orolga kela boshlaganida suv ostida qolib ketgan. Turkshunos olim, professor Auyelbek Qo‘ng‘irotboyevning ta’kidlashicha, Orolning ostida shunday 40 ta qal’a qolib ketgan. Xo‘sh ular qayerda? Ularning aksariyati Qoraqalpog‘istonda bo‘lsa ajabmas.

Masalan, Orolning uchinchi ko‘zi deya talqin qilingan Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumanidagi Qorateran ko‘lining ostida ham shahar qolib ketganligi haqida rivoyatlar bor. Rivoyatga ko‘ra, hozirgi Qorateran ko‘lining o‘rnida podshohlik bo‘lgan. To‘rt tomonini tik jarlik o‘rab turgan teranlikda joylashgan podshohlikni hech bir dushman bosib olishga jur’at etmagan.

Bir kuni bitta cho‘pon yigit qirda adashib yurib, katta kosaga o‘xshash pastlikda joylashgan ushbu podshohlikka kelib qoladi. Podshohning juda go‘zal qizi bo‘ladi. Yigit uni sevib qoladi. Qiz ham unga moyillik bildiradi. Kunlarning kunida cho‘pon yigit podshohlikni o‘marish niyatida yurgan g‘araz niyatli odamlar bilan uchrashib qoladi va qaroqchilar uning miyasini zaharlay boshlaydi. Podshoh senga qizini bermaydi. Sening yo ota-onang yo‘q, yo mol-mulking yo‘q. Qizni qirga olib qochib chiq , deydi qaroqchilar. Yigitning ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushadi. So‘ng podshohga borib qizini yaxshi ko‘rishini bildirib, turmush qurishiga izn berishini so‘raydi. Lekin podshoh uni so‘kib-so‘kib podshohlikdan haydab yuboradi. Qaroqchilar haq bo‘lib chiqadi. Cho‘pon yigit podshohdan o‘ch olishni o‘ylay boshlaydi.

Shu payt Orol dengizi podshohlik joylashgan yerga yaqin kelib qoladi. Suv bosib ketmasligi uchun tarnov qurilib qo‘yilgan ekan. Qizini bermagan podshohga achchiqlangan yigit tarnovni ochib yuboradi. Suv otilib chiqib hamma yoqni suv bosadi. Shunday qilib, podshohlik ham, u yerda yashovchi aholi ham suvning tagida qolib ketadi. Yigit bilan qizning ustiga tog‘ qulab, ular ham shu joyda halok bo‘ladi.

Rivoyat o‘z yo‘liga. Lekin, nomidan ma’lum bo‘lganidek, Qorateran ko‘lining tubi ko‘rinmaydi. O‘tgan asrning 60-yillarigacha toza daryo suvi tushib turgan ko‘lga keyinchalik kollektor suvlari quyila boshladi va uning atrofida go‘zal tabiat ham asta sekin yo‘qolib bormoqda. Maxsus tadqiqotlar olib borilsa Qorateran ham o‘z sirini ochishni istayotgandek, go‘yo.

Orolning ostida yana qanday shaharlar qolib ketgan bo‘lishi mumkin? 2013 yilda Rossiyaning RenTV telekanali Orolning qurigan tagida sirli geogliflar topilganini ma’lum qildi. Siri ochilmagan, javobi yo‘q tilsim geogliflarning Orol dengizining tagidan topilishi nafaqat olimlarni, balki butun jamiyatni hayratga soldi. Bu geogliflarning qayoqdan, qanday qilib, qachon paydo bo‘lganini olimlarning o‘zlari ham aniq bilmaydi. Orolning geogliflari Sirdaryoning Orolga quyiladigan tomonida, dengizning ochilgan qirg‘og‘ida 10-15 metr maydondan topilgan. Olimlarning fikricha, bu kabi yirik tamg‘alarni qurish uchun eng kuchli 20 ming texnika kamida 90 yil davomida tinmasdan ishlashi kerak ekan. Shu kabi geogliflar Mo‘ynoq tumani hududida ham mavjud bo‘lib, ularni Google Planeta dasturi orqali kompyuterda ko‘rsa ham bo‘ladi.

Bugungi kunda dunyoga mashhur Peru zaminidagi Naska suratlari ham olimlarning boshini qotirib kelmoqda. U yerdagi o‘rgimchak, to‘tiqush, maymun va boshqalarning suratlari qaysi asrda, qanday sivilizasiyada, kimlar tomonidan solinganini bilishmaydi. Shuning uchun olimlar ularni o‘zga sayyoraliklar bizga qoldirib ketgan kosmodrom belgisi deb taxmin qilmoqda. Agar shu gap rost bo‘lsa, Orol va Ustyurt hududida ham shunday hodisalar yuz bergan bo‘lishi mumkin.

Yana bir jihat, Ustyurtda o‘tgan asrda topilgan ko‘p sonli nayzasimon rasmlar ham butun dunyoni xayratga solgandi. Ushbu rasmlarning yoshi, kimlar tomonidan va nima maqsadda qurilgani olimlar tomonidan aniqlandi. Ya’ni, ikki tomonining uzunligi 900 metrgacha, teranligi uch metrgacha qazilgan gigant qurilishlarni bundan 2400-2500 yil avval ko‘chmanchi qabilalar qurganligi fanda isbotlandi. Ular shu usul bilan bir martalik urinishda o‘n minglab sayg‘oq, jayron va qulonlarni tuzoqqa tushirgan. Bu qurilishlarning nomi aran deyilgan. Ustyurtning nomi esa Aranqir deb atalgan.

Demak, sir-sinoatga to‘la Orol va Ustyurt tilsimlarini ochadigan vaqt yetib keldi. Mo‘ynoqda turizmni rivojlantiramiz, deyapmiz. Mana shu sir-sinoatlar turizm uchun yetib ortadi. Masalan, Perudagi Naska suratlarini ko‘rish uchun har yili millionlab sayyohlar tashrif buyuradi va davlatga 3 milliard dollar shuning hisobidan kirib keladi. Bizda esa Naska suratlaridan 10 baravar kattaroq sirli suratlarimiz bor. Lekin shunday boyligimiz borligini hatto o‘zimiz ham bilmaymiz.

Mustaqil davlat bo‘ldik. So‘z erkinligi bor. Lekin nima uchun shu kunga qadar Vozrojdeniye oroli hamda Ustyurtda olib borilgan maxfiy harbiy amaliyotlar haqida hech nima bilmaymiz? Internet sahifalarida-ku Vozrojdeniye orolini o‘lim o‘chog‘i deb atashadi. Chunki u yerda Sobiq Ittifoq davrida yetishtirilgan butun biologik qurollar ko‘milgan emish. Agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa ularni utilizasiya qilish kerak emasmi? Nima uchun ko‘pchilik davlatlarda arvoh shahar larni turistlar tashrif buyuradigan maskanlarga aylantirilgan-u, lekin Mo‘ynoq tumanidagi Vozrojdeniye oroliga turistik marshrutlar yo‘q? Nima uchun Mo‘ynoq tumani hududida joylashgan 2500 yillik tarixga ega gigant suratlarni targ‘ib qilmaymiz?

Xullas, savollar ko‘p, javoblar esa yo‘q.

Orolning Kaspiyga oqib ketgan joyi, ya’ni to‘rtinchi ko‘zi topilgandek bo‘lsa-ku, uni biz rasman e’lon qilsak, butun dunyodan sayyohlar oqib kelar edi. Mana shu loyihalarning hammasini davlat rahbari alohida e’tibor qaratayotgan Mo‘ynoq tumanida tashkil qilsa bo‘ladi. Lekin, bu haqida hech narsa eshitmayapmiz.

Kiritildi: 11:25 14.01.2019. O'qildi: 5983 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!