Nashrning AQSh Ichki Xavfsizlik vazirligi hujjatlariga tayanib yozishicha, Tramp ma’muriyati mojaro hududlaridan qochib kelgan va vaqtinchalik himoya oladigan qochqinlarni Qo‘shma Shtatlardan chiqarib yuborish uchun xorijiy yordam sifatida ajratilgan taxminan 250 million dollarni sarflash rejasini ishlab chiqqan.
Hujjatlarga ko‘ra, 200 mingdan ortiq ukrainalik va 500 ming gaitilik migrant Qo‘shma Shtatlardan chiqarib yuborilishi mumkin. Ular AQShda Bayden ma’muriyati tomonidan berilgan “vaqtinchalik muhofaza” dasturi asosida yashamoqda. Bundan tashqari, hujjatda afg‘onistonliklar, falastinliklar, liviyaliklar, sudanliklar, suriyaliklar va yamanliklar ham tilga olingan. BMT Migrasiya xizmati bu odamlarni hech qaysisini o‘z mamlakatiga qaytarishni qo‘llab-quvvatlamaydi, deyiladi loyiha hujjatlarida.
“Vaqtinchalik muhofaza”ga ega shaxslarni o‘z yurtlariga qaytarish uchun Qo‘shma Shtatlarning xorijiy yordam jamg‘armasi hisobidan mablag‘ ajratish taklif qilingan. Bu mablag‘lar odatda AQShdagi qochqinlarga yordam berish yoki vatanida vaziyat barqarorlashganidan so‘ng ularni qaytarish uchun sarflanadi.
The Washington Post'ning yozishicha, AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi matbuot kotibi Trisha Maklaflin bu ma’lumotni "eskirgan" deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem Ukraina yoki Gaiti fuqarolarini “vaqtinchalik muhofaza”dan mahrum etish yuzasidan hali yakuniy qaror qabul qilmagan.
Shu bilan birga, The Washington Post'ning qayd etishicha, o‘tgan hafta Ichki xavfsizlik vazirligi va Davlat departamenti 250 million dollarlik xorijiy yordamga oid kelishuvni imzolagan. Unda chiqarib yuborish jarayoni tavsiflangan, biroq bu qaysi mamlakat fuqarolariga taalluqli ekani aniq ko‘rsatilmagan.