Saytda “Hafta media-qoidabuzarlari” sifatida Boston Globe, CBS News va The Independent ko‘rsatilgan. Ularga prezident Donald Trampning bayonotlarini “noto‘g‘ri talqin qilganlik” ayblovi qo‘yilgan.
Qayd etilishicha, demokratlar va feyk yangilik tarqatuvchilar “prezident Tramp harbiylarga noqonuniy buyruqlar bergan” degan fikrni ilgari surgan.
Bo‘limda shuningdek “Sharmandalik zali” ham bor, u yerga The Washington Post, CBS News, CNN va MSNBC kiritilgan. Hozirgi reytingda The Washington Post yetakchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda esa MSNBC hamda CBS News turibdi.
Kengaytirilgan ro‘yxatga Associated Press, The New York Times, The Wall Street Journal, Axios va Politico ham kiritilgan. Oq uy ularni “tarafkashlik va dezinformasiya” tarqatishda ayblamoqda.
Ushbu bo‘limning ishga tushirilishi Donald Tramp va uni ma’muriyatining ommaviy axborot vositalari bilan uzoq vaqtdan beri davom etib kelayotgan ziddiyatining yangi bosqichi bo‘ldi. Avvalroq Tramp The Wall Street Journal va The New York Times'ga nisbatan sudga da’volar kiritgan, ABC News va CBS News bilan ziddiyatga borgan, shuningdek, jurnalistlar orasida “xalq dushmanlari borligi” haqida ko‘plab bayonotlar bergan edi.