Ming yillar davomida sivilizasiyalar markazi bo‘lib kelgan Onado‘li bugungi kunda ham insoniyatning mushtarak tarixiy merosini o‘zida saqlab kelmoqda. “Kelajak uchun meros” loyihasi doirasida arxeologik tadqiqotlar mamlakat bo‘ylab kengaytirilib, arxeologiya sohasida yangi va dinamik bosqich boshlandi. O‘tgan yili turli davr va sivilizasiyalarga oid muhim arxeologik topilmalarning aniqlanishi Turkiyani insoniyat tarixini aks ettiruvchi ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirdi.
Neolit davri kashfiyotlari
Shanliurfa hududidagi neolit davriga oid qazilma maydonlarini qamrab olgan “Tosh tepalar” loyihasi o‘tgan yili muhim arxeologik kashfiyotlar bilan e’tibor qozondi.
Karahantepeda uchta hayvon tasviri tushirilgan, hozircha eng qadimgi uch o‘lchamli mifologik ifodalardan biri sifatida baholanayotgan kichik idish topildi. Shuningdek, yuz qismida inson qiyofasi o‘yib ishlangan T shaklidagi ustun ham aniqlangan.
Bundan tashqari, Go‘beklitepe yodgorligida qurbonlik maqsadida devorga ko‘milgan inson haykalchasi, Sayburchda esa og‘zi tikilgan marhum tasvirlangan inson haykali topildi.
Sefertepe hududida aniqlangan ikki inson yuzi relefi hamda ikki yuzli munchoq esa neolit davri madaniyatiga oid muhim ilmiy ma’lumotlarni boyitdi.
Qadimgi Troyada hashamat va hokimiyat ramzlari
Chanakkaledagi Troyada olib borilayotgan qazishmalar chog‘ida ilk bronza davriga (miloddan avvalgi taxminan 2500-yillar) oid oltin to‘g‘nag‘ich hamda bir vaqtlar hashamatli buyumning tarkibiy qismi bo‘lgan noyob nefrit toshi topildi. Ijtimoiy mavqe va hokimiyat ramzi sifatida foydalanilgan ushbu to‘g‘nag‘ich dunyoda ma’lum bo‘lgan uchta namunadan eng yaxshi saqlanib qolgani hisoblanadi. U so‘nggi 100 yil ichida aniqlangan eng muhim tipologik va tarixiy kashfiyotlardan biri sifatida baholanmoqda.
Usmoniylar dengizchiligiga oid suv osti kashfiyotlari
Datcha yaqinida olib borilgan suv osti arxeologik qazishmalarida Turkiyada yagona ma’lum bo‘lgan XVII asrga oid Kizlan kemasi halokatidan 30 dan ortiq miltiq, 50 dan ziyod granata, minglab o‘qlar, usmonlilar davriga mansub tamaki quvurlarining eng yirik to‘plami hamda Xitoy chinni buyumlari topildi. Mazkur topilmalar Usmoniylar imperiyasining dengiz harbiy salohiyati, savdo aloqalari va kundalik hayotiga doir qimmatli ma’lumotlar beradi.
4 500 yillik butlar
Arxeologlar G‘arbiy Onado‘lidagi eng yirik bronza davri aholi punktlaridan biri Kutahyadagi Tavshanli Ho‘yukda 4500 yillik butlarni aniqladilar. Marmar, suyak va terrakotadan yasalgan ushbu butlar o‘choq atrofiga joylashtirilgan holda topilgan bo‘lib, ular o‘sha davrning diniy e’tiqodlari va marosim amaliyotlarini o‘rganishda muhim ilmiy manba hisoblanadi.
Qora dengizda ilon sochli Meduza tasviri
Bartin hududidagi qadimiy Amastris shahrida joylashgan, qariyb 2 000 yillik tarixga ega stoa “Kelajak uchun meros” loyihasi doirasida restavrasiya qilinmoqda. Tiklash ishlari davomida Meduzaning kamyob — tabassum qilayotgan tasviri topildi. Mifologiyaga ko‘ra, Meduza —ilon sochli va o‘tkir tishli hamda unga qaragan har qanday kishini toshga aylantiradigan maxluq ayol sifatida tasvirlanadi.
Serapisga bag‘ishlangan Efes kashfiyoti
Efes (Izmir)dagi YUNESKO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududda Misr xudosi Serapisning bo‘rtma tasviri tushirilgan terrakota tutatqi idishi topildi. Idishning orqa tomonidagi yozuv tufayli u avvalroq Teras uylaridan topilgan aynan shunday artefakt bilan bog‘landi. Bu esa Efesda bir xil turdagi buyumlarni ishlab chiqargan ustaxona mavjud bo‘lganini yoki bunday mahsulotlar muntazam savdo orqali tarqatilganini ko‘rsatadi.
Karamandagi muqaddas nonlar
Topraktepe (Eirenepolis) hududidagi arxeologik qazishmalar chog‘ida milodiy VII–VIII asrlarga oid beshta karbonlashgan non topildi. Mutaxassislarning fikricha, Malta xochi naqshlari va Iso alayhissalom tasviri tushirilgan ushbu nonlar ilk nasroniylik marosimlarida qo‘llanilgan muqaddas (sakramental) nonlar bo‘lishi mumkin. Bu topilmalar o‘sha davrning diniy amaliyotlari va e’tiqodini yoritishda muhim ahamiyatga ega.
Vandagi eng katta pifoslar
Van viloyatining Kevenli qal’asi xarobalaridagi qazishmalar paytida urartular tomonidan neft, don va ichimliklarni saqlash uchun foydalanilgan 76 ta mixxat yozuvli pifos (yirik saqlash idishlari) aniqlandi. Ushbu pifos to‘plami hozirgacha Vanda aniqlangan eng yirik saqlash majmuasi hisoblanadi.