Abduqodir Toshqulov kim va u qanday muammolarni ko‘targan edi? Bu haqda "rost24.uz" yozmoqda.
Kecha vazirlik inkor etgani va axborot xizmati rahbari Farxod Babashev tomonidan telegramm kanallar-u OAVni yolg‘on ma’lumot tarqatganlikda ayblashiga qaramay bugun senator, Termiz davlat universiteti rektori Abduqodir Toshqulovni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri bo‘lgani e’lon qilindi.
Toshqulov 2020 yilining yanvar oyida Kun.uz saytiga intervyu berganida tizimning qator muammolarini kun tartibiga qo‘ygan edi.
Intervyudan ayrim iqtiboslarni keltirib o‘tamiz:
«Bitiruvchining qo‘lida davlat muhri qo‘yilgan diplom bor. Ammo u raqobatbardosh kadr emas».
Bunda test texnologiyalari takomillashmagani, sohaga yillar davomida bir tomonlama yondashuv bo‘lib kelgani muammolarning sabablaridan biri. Ya’ni, uchta fan va o‘sha fanlardan tuzilgan testlarning javobini yodlagan bola borki, o‘qishga kirgan. Bu bo‘yicha aytilgan e’tirozlar, murojaatlar eshitilmagan.
Biz bir xil test tizimini ko‘p yillar ushladik va shu tizim bilan yoshlarni oliy ta’limga qabul qilaverdik. Biz unga insho yozdirib ko‘rmadik, diktant yozdirmadik, ijodiy yo‘nalish bilan o‘qishga kirishi kerak bo‘lgan talabalar ham «tinchgina» test yo‘nalishi bilan imtihon qilinaverdi.
Bitiruvchining qo‘lida davlat muhri qo‘yilgan diplom bor, ammo u raqobatbardosh kadr emas.
Biz yaxshi ishlayotgan kadrlarni rag‘batlantiryapmiz, lekin biz shuncha islohotlardan keyin ham qimirlamayotgan kadrlarni ishdan bo‘shata olmayapmiz.
Talabalar orasida ko‘plab so‘rovlar o‘tkazdik (afsuski, hozir bu so‘rovlarning ham yuridik kuchi yo‘q) va mana shu so‘rovlarda o‘qituvchilarning pora olishi ham aytilgan, darslarning qariyb 100 foizi darslarni yaxshi o‘tmasligi e’tirof etilgan. Biz o‘sha o‘qituvchilar bilan mehnat shartnomasini bekor qildik, lekin sudda yutqazdik, chunki amaldagi qonunchiligimiz bu tizimga tayyor emas.
Hozir kamida 30 foiz o‘qituvchining oliy ta’lim dargohida dars berishga, bu dargohlarga kirishga haqqi yo‘q.
Biz endilikda yaxshi o‘qituvchini rag‘batlantirib, talabga javob berolmayotgani bilan xayrlashish masalasini ko‘taryapmiz. Talabga javob bermaydigan o‘qituvchi o‘ziga mos, quyiroq joylarda ishlab tajriba oshirishi kerak.
Menimcha, ta’lim tizimidagi o‘quv rejalar to‘laligicha qayta ko‘rib chiqilishi kerak.
Hozir to‘rtta kurs talabalari turlicha o‘quv reja bilan o‘qishadi. Mana shu o‘quv rejalarni bir xillashtirish kerak, ikkinchidan, keraksiz fanlar chiqarib tashlanishi kerak.
Yana bir misol, jismoniy madaniyat fanidan talabaning reyting daftarchasiga bahosi qo‘yiladi. Shu fan bizga kerakmi? Talaba o‘zi mustaqil fitnes klubga borsin, sportga qatnashsin, sharoit bor-ku. Buni alohida fan qilish shartmi? Fan o‘qituvchilari ishlayversin, to‘garak o‘tsin, bunga qarshi emasman, lekin u ham bir fan bo‘lishi kerak emas.
Ya’ni, dars jadvaliga darslar shunday joylashtiriladiki, bunda bir juftlikdan keyin orada bo‘sh vaqt qoldiriladi va keyin yana bir juftlik fan qo‘yiladi. Buning sababi, darslarni shunday joylashtirsak, talaba keyingi darsgacha qochib ketolmaydi, deb o‘ylashadi.
Biz talabaga kechagi qarash, tazyiq bilan qarashni to‘xtatishimiz kerak.
Yana bir muammoli masala, universitetda erkin forma masalasi. Bu muammo qayta-qayta ko‘tarilyapti. Bunga ham erkinlik berish kerak. Faqat bunda shaxsning talaba ekanligi va milliylikni inobatga olish kerak.
Biz hozirgacha auditoriyalarimizni o‘zgartirolmayapmiz. Bizda hamon to‘laligicha parta tizimi amalda. Endi-endi biz eskicha qoliplardan chiqishga harakat qilyapmiz.
Bilasizmi, ayrim talabalar bizdan o‘qituvchiga proyektor bermaslikni so‘rashadi. Chunki, ayrim o‘qituvchilar zamonaviy dars o‘tish deganda ma’ruza matnini shunchaki proyektorga o‘rnatib, uni o‘qib berishni tushunadi. Bizda shu jihatlar ham kamchilikka to‘la.
Talabalarda shuningdek, dars sifatidan norozilik kuchli. Hozir ham, ko‘pchilik o‘qituvchilar yo‘qlama qilish-u, o‘zining biografiyasini tanishtirib berish bilan darsning qariyb 20 daqiqasini o‘g‘irlashyapti.
Afsuski, bugun oliy ta’limdan keyingi ta’limda kadrlar masalasi son jihatidan ham, sifat jihatdan ham qoniqarli emas. Ularni yetkazib beradigan muassasalar ham asosan Toshkentda joylashgan, boshqa hududlarga esa ko‘pda chiqarilavermaydi.
Oliy ta’limda qamrov oshgan sari har o‘nta talabaga bitta o‘qituvchini ishga olishimiz kerak bo‘ladi.
Lekin universitetlar o‘qituvchilarining qanchasida ilmiy daraja bor degan masala ham bor. Hozir kvotalar yiliga 20-25 foiz oshyapti, tabiyki, o‘qituvchilar soni oshyapti, ammo ilmiy salohiyat tushib boryapti. Bu holat o‘qituvchilar ilmiy daraja himoya qilganda ham davom etyapti.
Tadqiqotchilarning Toshkentga kelib ne azoblarda yurishi ularning faqat o‘ziga va Xudoga ayon.
Hozir har bir fan bo‘yicha falsafa doktori ilmiy unvoni (PHD) berilyapti. Bu tizimda ham qiyinchiliklar ko‘paytirib yuborilgan.
Biz bugun oliy ta’limni rivojlantirish uchun undan keyingi ta’limni ham jiddiy ko‘rib chiqishimiz kerak.
“O‘zbekistonda oliy ta’limdan islomni sug‘urib oldik“
Qashqadaryoda o‘tkazilgan Xalqaro press klubning yig‘ilishida ham Abduqodir Toshqulov tanqidiy fikrlarni aytib, aynan islomiy ta’limdagi sustkashliklarni sanab o‘tgan:
“Biz maqbarani chiroyli qilib qo‘ydik, qani al-Hakim at-Termiziy? Qani «Sunani Termiziy»ning keyingi tomlari? Aksariyat hollarda insonlarning ko‘r-ko‘rona ziyoratini yo‘lga qo‘ydik. Yozuv-chizuv, g‘iybat, g‘urbat hamda korrupsiya holatlari ko‘p bo‘lgan. Ustoz-shogirdlar va jamoa o‘rtasidagi hasad ilmiy salohiyatning tushib ketishiga sabab bo‘ldi.
Bunday ma’naviy xastaliklarning ko‘pligiga sabab nima? Men bitta sabab keltiraman. Biz yuz yil davomida oliy ta’limdan Islomni sug‘urib oldik. Halol bilan haromni sug‘urib oldik. Biz Gyoteni o‘rgatdik, lekin janobi Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning hadislaridan keltirishga cho‘chidik. Islom ma’rifatini faqat imomlar gapirsin dedik, dunyoviy ilm olganlar bu haqda gapirsa ularga boshqacha qaradik”, degan edi Toshqulov.
Yangi tayinlangan oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri kim?
U 1976 yil 29 avgustda Surxondaryo viloyati Boysun tumanida tavallud topgan.
Abduqodir Toshqulov 1998 yil Termiz davlat universiteti iqtisod fakultetini tamomlagan. Dastlab shu oliy ta’lim muassasasida o‘qituvchi, kafedra mudiri, dekan muovini bo‘lib ishlagan. Viloyat hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha yordamchisi vazifalarida ishlagan. Iqtisod fanlari nomzodi, dosent. Ikki chaqiriq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati. 2017 yildan buyon Termiz davlat universiteti rektori lavozimida ishlab kelar edi. 2018 yil sentyabr oyidan Oliy Majlis Senati a’zosi.
Abduqodir Toshqulov AQSh va Rossiya davlatlarida ilmiy stajirovka o‘tagan. Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Polsha singari mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan ilmiy anjuman va simpoziumlarda o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etgan.