Bugun 21 may, 2025 yil, chorshanba

КИР

Oliy ta’lim muassasasi strategiyasi – ta’lim sifati kafolati

A A A
Oliy ta’lim muassasasi strategiyasi – ta’lim sifati kafolati

Ta’limning vazifasi – aqlga tayangan fikrlashni, insoniyatning bilimlarini mukammal o‘zlashtirishni va madaniyatni rivojlantirishni ta’minlashdir. Har qanday buyuk o‘zgarishlarning zamirida ta’lim namoyon bo‘ladi hamda u mamlakatning kelajagi uchun asosiy poydevor bo‘lib, uning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini ta’minlaydi. Bunda jamiyatga xizmat qiluvchi kadrlar ta’minotchisi oliy ta’lim bosqichi hisoblanadi.

Davlat rahbari tomonidan ta’lim sohasini yanada rivojlantirishga, uni jahon miqyosida tan olingan darajaga yetkazishga alohida e’tibor qaratmoqda. Prezident rahbarligidagi islohotlar va qabul qilingan strategiyalar mamlakatning oliy ta’lim tizimini qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda. Bu borada O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalarining strategik rivojlanishi muhim ahamiyatga ega.

Jahonda oliy ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab muvaffaqiyatli misollar mavjud. Garvard universiteti, Oksford universiteti va Tokio universiteti kabi dunyodagi yetakchi ta’lim muassasalari o‘zlarining strategik maqsadlariga erishgan. Ular ta’limni ilmiy tadqiqotlarga, innovasiyalar va xalqaro hamkorlikka asoslangan holda rivojlantirdilar.

Garvard universiteti (AQSh) o‘zining strategik maqsadlarini ilmiy tadqiqotlarga qaratgan. Garvard universitetining missiyasi — bilimlarni kengaytirish va insonlar hayotini yaxshilashga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar olib borishdir. Garvardda ilmiy tadqiqotlar va o‘quv jarayoni o‘zaro bog‘liq bo‘lib, bu universitetning jahon miqyosidagi obro‘sini yanada mustahkamlashga yordam bermoqda.

Oksford universiteti (Buyuk Britaniya) ta’lim va tadqiqotlarni amaliy tadqiqotlar va innovasiyalar bilan boyitgan. Universitetda yaratilgan innovasiya markazlari, talabalarning amaliy tadqiqotlar o‘tkazishi uchun imkoniyatlar yaratgan. Bunday yondashuv universitetning iqtisodiy samaradorligini oshirishga yordam bergan va bu universitetni jahon miqyosida yetakchi o‘ringa chiqargan.

Tokio universiteti (Yaponiya) xalqaro hamkorlikka alohida e’tibor qaratgan. Universitet o‘zining professor-o‘qituvchilari va talabalarini jahonning turli universitetlari bilan almashinuvlar tashkil qilish orqali ilmiy bilimlarini oshirishga yordam bermoqda. Bu universitetning strategiyasi xalqaro maydondagi obro‘sini mustahkamlashga yordam bermoqda.

O‘zbekiston universitetlari ham yangi bosqichga chiqmoqda va ijobiy o‘zgarishlar sari ildamlanmoqda. "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilingani mamlakatimizda oliy ta’limning rivojlanishi uchun muhim qadamlardan biridir. Bu strategiya va konsepsiyaning asosiy maqsadi – mamlakatimizning har bir sohasida jahon standartlariga mos bo‘lgan tizim yaratishdir. Ta’lim sohasi ham bu maqsadlarning markazida turadi. "O‘zbekiston – 2030" strategiyasida ta’lim tizimini innovasion va zamonaviy texnologiyalar bilan boyitish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini kuchaytirish, hamda yoshlarning ta’lim olishi uchun barcha sharoitlarni yaratish nazarda tutilgan. Shuningdek, strategiyada ta’lim muassasalarining global miqyosda raqobatbardoshligini oshirish, professor-o‘qituvchilarning malakasini yuksaltirish, va innovasion yo‘nalishlarni rivojlantirish kabi vazifalar belgilangan.

Prezidentimiz “Ta’lim – kelajagimiz kaliti”, "Ta’lim sohasiga sarmoya kiritish – bu kelajakka sarmoyadir" degan fikrlari ta’limga bo‘lgan e’tibor darajasini belgilaydi. Bu fikrlar oliy ta’lim muassasalari strategiyasini ishlab chiqishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Shu boisdan, oliy ta’lim muassasalari o‘zlarining strategik maqsadlarini yangilashlari, ta’lim jarayonini jahon standartlariga muvofiqlashtirishlari va talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishlari, uning sifatini oshirish birinchi darajali vazifa hisoblanadi.

O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalarining strategiyasini ishlab chiqish va uni amalga oshirish natijalari ko‘plab ijobiy natijalarni keltirib chiqaradi.

Birinchidan, ta’lim sifatining oshishi mamlakatning iqtisodiy va texnologik rivojlanishiga yordam beradi. Yuqori malakali kadrlar va mutaxassislarning tayyorlanishi, ularning ilmiy tadqiqotlarga asoslangan bo‘lishi mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘sini oshiradi.

Ikkinchidan, oliy ta’lim muassasalarida amaliy tadqiqotlar va innovasion faoliyatlarni rivojlantirish mamlakat iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiqadi.

Uchinchidan, ta’lim tizimining xalqaro standartlarga moslashuvi, jahon universitetlari bilan hamkorlikning kuchaytirilishi O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlaydi.

Bunday tajriba aksariyat oliy ta’lim muassasalarida bo‘lganidek, Toshkent davlat yuridik universiteti ham bu bosqichni muvaffaqiyat bilan bosib o‘tmoqda.

Toshkent davlat yuridik universitetining 2023-2030 yillarga mo‘ljallangan strategik rivojlanish dasturi (Konsepsiyasi) universitetning kelgusi yillardagi faoliyat yo‘nalishlarini belgilab beruvchi muhim hujjat hisoblanadi. Ushbu dasturda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bir qator farmonlari asosida yuridik ta’lim va fanni yanada rivojlantirish, universitetning akademik va boshqaruv mustaqilligini oshirish, shuningdek, yuridik amaliyot va ilm-fanni bir-biriga yaqinlashtirish maqsadlari aks ettirilgan. Dastur universitetni dunyo ilmiy hamjamiyatida munosib o‘rin egallashiga qaratilgan.

Jumladan, zamonaviy mehnat bozori talablariga va buyurtmachilar ehtiyojlariga javob beradigan yuridik kadrlar tayyorlash tizimini yaratish, ta’lim sifatini oshirish, zamon va kelajak talablariga oldindan moslashish, huquqiy texnologiyalar va sun’iy intellekt tilimlariga doir muhim ko‘nikmalarni shakllantirish, xalqaro yuridik ta’lim tizimlari bilan integrasiyalashuvini kuchaytirish kabi ustuvor yo‘nalishlarni nazarda tutadi.

Ayniqsa, kompetentlikka asoslangan yondashuv asosida yuridik kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, yuridik kadrlar tayyorlashda nazariy bilimlar va amaliy yo‘nalishning maqbul uyg‘unligini ta’minlash, shuningdek huquqshunoslik kasbi uchun zarur ko‘nikmalarni shakllantirish;

muayyan sohadagi tayanch bilimlarni baholash, tahlil qilish va amaliyotda qo‘llash, yangi g‘oyalarni ishlab chiqish, talaba kompetensiyalari darajasini baholash (diagnostika) tizimlari va vositalarini takomillashtirish qobiliyatini o‘zida mujassamlashtirgan o‘quv natijalarini kompleks baholashni shakllantirish;

yuridik fanlar sohasida ilmiy tadqiqotlarning fundamental va amaliy ahamiyatini kuchaytirish;

xalqaro akkreditasiyani, xususan, xalqaro miqyosda tan olingan va yetakchi xalqaro akkreditasiya tashkilotlari tomonidan ta’lim dasturlarini institusional akkreditasiya va akkreditansiyadan o‘tkazishni ta’minlash muhim vazifa sifatida qo‘yilgan.

Shu kabi strategiyalar, yangi konsepsiyalar, oliy ta’lim muassasalarining strategik maqsadlarini qayta ko‘rib chiqish, ularning missiya va vazifalarini yangilash zaruratini talab qilmoqda. Hozirgi globallashgan dunyoda, ta’limning roli nafaqat iqtisodiy va texnologik rivojlanishda, balki inson kapitalini oshirishda, yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirishda ham katta ahamiyatga ega.

Shu bois, oliy ta’lim muassasalarining strategik rivojlanishini ta’minlash va ularning jahon miqyosidagi yetakchi universitetlar darajasiga yetkazish O‘zbekistonning kelajakdagi barqaror taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega.

Durbek Mahkamov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Tashkiliy-nazorat va strategik rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i

Kiritildi: 15:56 29.08.2024. O'qildi: 1252 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!