Bugun 13 may, 2025 yil, seshanba

КИР

Oliy Majlis intellektual mulk bo‘yicha qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi

Oliy Majlis intellektual mulk bo‘yicha qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi

Mamlakatimizda intellektual mulk himoyasini ta’minlash, intellektual mulkka nisbatan hurmat hissini shakllantirish, intellektual mulk egalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan navbatdagi qonun loyihasi intellektual mulk himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan.

— Mazkur qonun loyihasi intellektual mulk ob’ektlaridan foydalanishdagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni qat’iylashtirish va uni xalqaro huquq normalariga muvofiqlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan, — dedi deputat Behzod To‘xtamurodov. — Amaldagi 4 ta kodeksga — Jinoyat, Jinoyat-prosessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Fuqarolik kodekslariga mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni, shuningdek, sanoat mulki ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Jinoyat kodeksining 149-moddasiga seleksiya yutug‘i va integral mikrosxema topologiyasiga nisbatan mualliflikni o‘zlashtirib olish uchun javobgarlik o‘rnatilayotgani sababli loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida 149/3-moddasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi, geografik ko‘rsatkich va tovar kelib chiqqan joy nomiga nisbatan ogohlantiruvchi tamg‘adan qonunga xilof ravishda foydalanish uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Majlisda ta’kidlanganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi jamiyatda intellektual mulk huquqiga bo‘lgan hurmat hissini shakllantirish va intellektual mulk egalarining moddiy manfaatlarini himoya qilish, sohadagi javobgarlik choralarini kuchaytirish orqali kontrafakt mahsulotlarning aylanmasiga chek qo‘yish va aholining shu jumladan, tadbirkorlik sub’ektlarining intellektual mulk ob’ektlaridan qonuniy foydalanish bo‘yicha mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Moddama-modda muhokama va savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Kiritildi: Bugun 16:11. O'qildi: 170 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!