Ko‘proq ishlash samaraliroq ishlashni anglatmaydi. 2024 yilda 6000 kishidan olingan ma’lumotlar tahliliga asoslangan tadqiqot taqdim etildi. Unga ko‘ra, eng yaxshi natijalarga 75/33 sikl bo‘yicha ishlaydigan xodimlar erishadi: 75 daqiqa diqqatni jamlagan ish, keyin 33 daqiqalik tanaffus, deb yozadi The Daily mail DeskTime platformasiga tayanib.
DeskTime bosh direktori Artis Rozentalsning so‘zlariga ko‘ra, bu sikl to‘liq masofadan ishlashdan ko‘ra, ofis ichida o‘tirib ishlaydigan ishchilar uchun yaxshi ishlaydi.
"Ofisda ishlaganda, tabiiyki, biz ko‘proq tanaffuslar qilamiz - kofe ichish, hamkasblar bilan suhbatlashish va hokazo. Garchi bu tanaffuslar dastlab samarasiz bo‘lib ko‘rinsa-da, ular batareyalarimizni zaryad qilish uchun juda muhim va xodimlarning farovonligiga hissa qo‘shadi", - dedi, Rozentals.
Kompaniya ilgari ham shunga o‘xshash tadqiqotlar o‘tkazgan. 2014 yilda 52/17 interval, 2021 yilda esa 112/26 samarali deb hisoblangan.
Rozentals tushuntirganidek, natijalarga ish formatidagi global o‘zgarishlar ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, 2021 yilda asosiy e’tibor masofaviy ishlashga qaratildi, bu esa shaxsiy va professional vaqt o‘rtasidagi muvozanatni saqlashni qiyinlashtiradi.
"Gibrid ishning keng tarqalganligini inobatga olgan holda, yangi 75/33 nisbati ofis ishlarini qayta tiklash bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin", deb ta’kidlaydi u.