Olimlar homiladorlik vaqtida yuzaga keladigan og‘ir asorat — preeklampsiyani davolashning yangi usulini ishlab chiqmoqda. Bu kasallik yuqori qon bosimi bilan kechadi va har yili dunyo bo‘ylab minglab onalar hamda chaqaloqlar o‘limiga sabab bo‘ladi.
Tadqiqot doirasida 16 nafar ayolda yangi usul sinovdan o‘tkazildi. Olimlar preeklampsiyaga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan maxsus oqsilni ona qonidan chiqarish orqali homiladorlikni xavfsiz uzaytirishga harakat qildi.
Natijada shifokorlar og‘ir preeklampsiya bilan og‘rigan ayollarda homiladorlik muddatini o‘rtacha 10 kunga uzaytirishga erishdi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu ona va chaqaloq salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmagan.
38 yoshli Mariya Patsvald ham ushbu tajribada ishtirok etgan. Unga homiladorlikning 32-haftasida preeklampsiya tashxisi qo‘yilgan. Davolash tufayli u farzandini 34-haftada dunyoga keltirishga muvaffaq bo‘lgan.
Olimlar fikricha, agar ushbu usul samaradorligi to‘liq tasdiqlansa, bu preeklampsiyaga qarshi dunyodagi birinchi sababiy davolash usuliga aylanishi mumkin. Tadqiqot natijalari Nature Medicine jurnalida e’lon qilindi.