Bugun 14 mart, 2025 yil, juma

КИР

Odamlarni o‘g‘irlagan zo‘ravonlarga hukm o‘qildi

Odamlarni o‘g‘irlagan zo‘ravonlarga hukm o‘qildi

O‘g‘irlik jinoyati asosan o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda qo‘lga kiritishga qaratilgan jinoiy harakat hisoblanadi. Lekin, jinoyat qonunchiligimizda nafaqat o‘zganing mol-mulkini o‘g‘irlaganlarga, balki odam o‘g‘irlaganlarga ham muqarrar jinoiy javobgarlik belgilangan.

Odam o‘g‘irlash jinoyati – jamiyat uchun eng katta xavf tug‘diradigan jinoiy harakat hisoblanadi. Chunki, ushbu jinoyat natijasida inson hayoti, sog‘lig‘i xavf ostida qolib, uning sha’ni, qadr-qimmati toptaladi. Turli xil vahima va sarosimalar kelib chiqadi. Amaldagi huquq-tartibotiga kishilarda ishonch yo‘qolishiga olib keladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tuman sudida odam o‘g‘irlash, shaxsga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, o‘ldirish va zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulot tayyorlash va tarqatish kabi jinoyatlarni sodir qilgan shaxslarga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.   

Xususan, 2019 yil fevral oyida Z.To‘xtaboyevaning foydalanishida bo‘lgan telefon raqamiga o‘zga yigitning telefon raqamidan ko‘plab qo‘ng‘iroqlar bo‘lgan. Tabiiyki, Z.To‘xtaboyevaning tinchi buzilgan. Biroq, Z.To‘xtaboyeva bu holatni huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga xabar berib, o‘z huquqlarini himoya qilish o‘rniga boshqacha yo‘lni tanladi.

U bu haqida tanishi, Toshloq tuman hududida zo‘ravonlik bilan nom qozongan SH.Tursunboyevga xabar qilgan va undan telefon qilayotgan yigit bilan gaplashib qo‘yishni so‘ragan.

SH.Tursunboyev Z.To‘xtaboyevani uning tinchini buzayotgan shaxsdan himoya qilishning antiqa rejasini tuzib chiqdi.

U dastlab, Z.To‘xtaboyeva orqali uning telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilayotgan shaxsni Farg‘ona shahar, “Huvaydo” mahallasidagi, Nizomiy ko‘chasiga kelishini tashkil etdi. O‘ziga o‘xshagan zo‘ravon sheriklari A.Meliboyev, A.Alijonov va S.Mashrapovlar bilan qo‘ng‘iroq qilgan shaxsni o‘sha yerda o‘g‘irlash, ya’ni uni oshkora shaxsiy erkinligidan mahrum qilib, turgan joyidan boshqa joyga ko‘chirib olib borib, Z.To‘xtaboyevaga qilgan nojoiz xulq-atvori uchun jazolash maqsadida unga tan jarohati yetkazish, o‘ldirish va zo‘rlik bilan qo‘rqitish, ushbu jarayonni video tasvirga olinishini tashkil etish orqali zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulot tayyorlash va tarqatish, shu tarzda o‘zlaricha “adolat” o‘rnatish haqida o‘zaro oldindan kelishib oldi.

Shunga ko‘ra, Z.To‘xtaboyeva qo‘ng‘iroq qilgan shaxsni 2019 yil 10 fevral kuni, soat 10-00 da Farg‘ona shahar “Huvaydo” mahalla fuqarolar yig‘ini hududiga uchrashib olish uchun kelishini aytib, uni u yerga kelishi haqida SH.Tursunboyevga, SH.Tursunboyev esa A.Meliboyev, A.Alijonov va S.Mashrapovlarga xabar bergan.

Shundan so‘ng, Toshloq tumani hududida SH.Tursunboyev, A.Meliboyev, A.Alijonov va S.Mashrapov uchrashib, S.Mashrapov boshqaruvidagi “Nexia” rusumli 40 A 228 QA davlat belgili avtomashinada Farg‘ona shahar, “Huvaydo” mahalla fuqarolar yig‘ini, Nizomiy ko‘chasidagi joylashgan  Farg‘ona shahar maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli 47-sonli muassasa  yaqiniga borganlar.

U yerga shu vaqtda A.Dadajonov boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtomashinasida R.Deminov, D.Dadajonov ham borganlar.

D.Dadajonov qiz bilan ko‘rishish uchun R.Deminovning o‘rniga biroz oldin avtomashinadan tushib qolgan.

A.Dadajonov boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtomashinasida R.Deminov bilan qaytib olish uchun harakatlanganlarida ularni S.Mashrapov boshqaruvidagi “Nexia” rusumli 40 A 228 QA davlat belgili avtomashinadan foydalanib, SH.Tursunboyev, A.Meliboyev, A.Alijonov bilan birga majburan to‘xtatgan.

A.Meliboyev darhol “Damas” rusumli avtomashinasini boshqarib kelgan A.Dadajonovga jismoniy kuch ishlatib, uni oshkora shaxsiy erkinligidan mahrum qilib, avtomashina kalitini olib qo‘ygan. A.Dadajonovning o‘zini majburan S.Mashrapov boshqaruvidagi “Nexia” rusumli 40 A 228 QA davlat belgili avtomashina orqa o‘rindig‘iga  o‘tqazgan.

SH.Tursunboyev D.Dadajonov oldiga borib, uning qo‘lidan ushlab, uni ham oshkora shaxsiy erkinligidan mahrum qilib, S.Mashrapov boshqaruvidagi “Nexia” rusumli 40 A 228 QA davlat belgili avtomashina orqa o‘rindig‘iga majburan o‘tqazgan.

SH.Tursunboyev R.Deminovga qo‘lidagi pichog‘ini namoyish qilib, A.Meliboyev, A.Alijonov bilan birga uni ham oshkora shaxsiy erkinligidan mahrum qilib, S.Mashrapov boshqaruvidagi “Nexia” rusumli 40 A 228 QA davlat belgili avtomashina orqa o‘rindig‘iga majburan o‘tqazgan.

A.Alijonov “Nexia” rusumli 40 A 228 QA davlat belgili avtomashina orqa o‘rindig‘iga majburan o‘tqazilgan A.Dadajonov, R.Deminov, D.Dadajonovlar oldiga ularni erkin harakatlanishini cheklash maqsadida o‘tirgan. SH.Tursunboyev esa o‘zi bilan birga olib kelgan tayoq (bita) va pichoq bilan avtomashina old o‘rindig‘iga o‘tirgan. Avtomashinani S.Mashrapov boshqarib, “Damas” avtomashinasini A.Meliboyev boshqarib, yo‘lda ketayotganlarida SH.Tursunboyev A.Dadajonov, R.Deminov, D.Dadajonovni erkin aloqa imkoniyatidan mahrum etish maqsadida, ularning uyali aloqa vositalarini olib qo‘yib, shu tarzda R.Deminov, D.Dadajonov va A.Dadajonovlarni turgan joyidan boshqa joyga, ya’ni Farg‘ona shahar hududidan Toshloq tumanidagi “Oq oltin” MMTPga qarashli “Abdulxamid ota” fermer xo‘jaligining dala yer maydoniga ko‘chirib olib borgan.

Shu joyda SH.Tursunboyev, A.Meliboyev, S.Mashrapov va A.Alijonov R.Deminov va D.Dadajonovlarga nisbatan zo‘rlik ishlatib, qasddan ularni turli joylariga tayoq (bita) bilan urayotganlarida D.Dadajonov ular oldidan qochib ketgan. SH.Tursunboyev, A.Meliboyev, S.Mashrapov va A.Alijonov R.Deminovni oshkora shaxsiy erkinligidan mahrum qilib, erkin harakatlanishini cheklash va qochib ketmasligi uchun har tomondan o‘rab olib, shu joyda bo‘lgan A.Dadajonovni ularga qarshilik qilish imkoniyatidan mahrum qilib, S.Mashrapov telefon orqali video tasvirga olib turishini ta’minlab, R.Deminovga pichoq o‘qtalib, uni o‘ldirish va zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, uni tayoq (bita) hamda qo‘l oyoqlari bilan bir necha marta urib, tepib, uning tishlarini sindirib, og‘ir tan jarohati yetkazib, unga nisbatan zo‘ravonlik va shafqatsizlik qilib, zo‘ravonlik va shafqatsizlik qilayotgan holatlarini videotasvirga tushirib, zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulot tayyorlaganlar. Tayyorlangan mahsulotni Internet jahon axborot tarmog‘i orqali boshqa shaxslarga tarqatganlar. Oqibatda tan jarohati olgan R.Deminov tibbiy yordam olish uchun shifokorga murojaat qilgan.

Tergov harakatlari davomida SH.Tursunboyev, A.Meliboyev, S.Mashrapov va A.Alijonov birga tayyorlagan va tarqatgan mahsulot aniqlanib, lazer diskka yozilgan holda ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Shuningdek, S.Mashrapov boshqaruvidagi A.Dadajonov, R.Deminov, D.Dadajonovni o‘g‘irlashda, ya’ni ularni oshkora shaxsiy erkinligidan mahrum qilib, turgan joyidan boshqa joyga ko‘chirib olib borishda  foydalangan “Nexia” rusumli 40 A 228 QA davlat belgili avtomashina aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tuman sudining 2020 yil 28 fevraldagi hukmi bilan SH.Tursunboyev, A.Meliboyev, S.Mashrapov va A.Alijonov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 137-moddasi 2-qismi ”v” bandi, 105-moddasi 2-qismi “i” bandi, 112-moddasi 1-qismi va 1301–moddasi 2-qismi “b” bandi bilan aybdor deb topilib, ushbu Kodeksning 59,61-moddalari qoidalariga asosan SH.Tursunboyevga 6 yil 6 oy, A.Meliboyevga 6 yil, S.Mashrapov va A.Alijonovlarning har biriga 5 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sud SH.Tursunboyev, A.Meliboyev, S.Mashrapov va A.Alijonovlar tomonidan sodir qilingan jinoyatning sodir etilish sabablari va omillari sifatida ular yashaydigan mahalla fuqarolar yig‘inida jinoyatchiliking oldini olish, huquqbuzarlik profilaktikasi, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish borasida yetarli ishlar olib borilmaganligini topib, ushbu sabab va omillarni bartaraf etish to‘g‘risida SH.Tursunboyev, A.Meliboyev, S.Mashrapov va A.Alijonovlar yashaydigan mahalla fuqarolar yig‘iniga xususiy ajrim chiqarish yo‘li bilan munosabat bildirdi.

Xulosa o‘rnida, har bir fuqaro o‘z huquq va erkinliklarini faqat va faqat sud orqali himoya qilishi, o‘ziga nisbatan qilingan g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar ustidan sudga shikoyat qilish huquqi Konstitusiyamizda kafolatlanganligini, boshqa g‘ayriqonuniy yo‘llar bilan o‘z huquqlarini himoya qilishning oqibati, albatta yuqoridagi kabi ayanchli tugashi mumkinligini eslatib o‘tmoqimiz.  

 

Azamat Anvarovich Xabibullayev, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tuman sudi raisi                               

Kiritildi: 17:06 13.03.2020. O'qildi: 6675 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!