Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohida O‘zbekiston Prezidentining sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan Bosh Assambleya 78-sessiyasidagi nutqi va tashabbuslariga bag‘ishlangan “Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash: O‘zbekiston nuqtai nazari” mavzusida brifing tashkil etildi.
Anjumanda ishtirok etgan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimovning fikricha, mamlakatimiz Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lgandan keyin savdo xarajati qisqarishi va buning natijasida yalpi ichki mahsulot hamda aholi farovonligi sezilarli darajada o‘sishini kuzatish mumkin.
Markaz direktori ma’ruzasida tashqi savdoni liberallashtirish bahosi hamda JSTga a’zolikning ta’siri xususida ham so‘z yuritgan. Qayd etilishicha, islohot kursini davom ettirish muhim.
– Aholi farovonligini oshirishda muhim ahamiyatga ega import bojini liberallashtirish izchil davom ettirilyapti, – dedi markaz rahbari. – Texnik jihatdan tartibga solish sohasida ham islohot davom etyapti. Ayni yo‘nalishda O‘zbekiston JST me’yori va standartiga moslashmoqda.
Qolaversa, islohotlarning yangi yo‘nalishlaridan biri – Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yanada yaqin, o‘zaro manfaatli munosabatni, ayniqsa iqtisodiy aloqani rivojlantirish. Hisob-kitobga ko‘ra, mintaqa mamlakatlarining o‘zaro savdo miqdori 2,6 barobar – 2016 yildagi 4,2 milliard dollardan 2022 yilda 11 milliard dollarga oshgan, qo‘shma korxonalar soni esa 5 barobar ko‘paygan.
Muloqot chog‘ida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar dunyo bo‘ylab katta qiziqish uyg‘otayotgani aytilgan. Xususan, 2017 yil Yevropa Ittifoqi bilan “to‘qimachilik protokoli” kuchga kirgan, 2021 yil O‘zbekiston “GSP+” tizimi benefisiar mamlakatiga aylangan. O‘tgan yil esa “Cotton Campaign” o‘zbek paxtasiga boykotni bekor qildi. Bularning bari turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasini yaqqol namoyon qilmoqda.