Gruziyada Turkiyaning C-130 harbiy transport samolyotining qulashi oqibatida bortdagilarning barchasi halok bo‘ldi.
Bu haqda AnewZ muxbiri Nini Nikoleishvili Ozarbayjon bilan chegaradosh Gruziyaning Signagi munisipalitetida voqea joyidan xabar bergan.
Xabarda aytilishicha, tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, halokatga uchragan samolyot bortida bo‘lgan 20 kishining barchasi hayotdan ko‘z yumgan.
“Samolyot Ganja aeroportidan mahalliy vaqt bilan soat 14:19 da uchib ketgan va qisqa vaqtdan so‘ng signal bermasdan radarlardan g‘oyib bo‘lgan. Vayronalar (samolyotning) Xolagiri monastiri yaqinidagi tik qiyaliklarda sochilib ketgan va birinchi marta mahalliy aholi tomonidan topilgan. Qidiruv-qutqaruv guruhlari va vertolyotlar ko‘rinishi yomon bo‘lgan qiyin joylarda ish olib bormoqda”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Gruziyada aviasiya xavfsizligini buzish ehtimoli bo‘yicha jinoiy tergov boshlangan. Tergov Turkiya va Ozarbayjon bilan muvofiqlashtirilgan va ularning bevosita ko‘magida olib borilmoqda.
11 noyabr kuni Ozarbayjondan Turkiyaga yo‘l olgan C-130 samolyoti Gruziyada halokatga uchradi. Bortda 20 nafar harbiy xizmatchi bo‘lgan, deb xabar berdi report.az.