Xitoy va Fransiya chuqur o‘zgarishlar sharoitida mas’uliyatni namoyon etishlari kerak, chunki dunyo chorrahada turibdi. Bu haqda Xitoy rahbari Si Szinpin Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan Pekinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda aytib o‘tdi.
"Dunyo ayni damda bir asrda ko‘rilmagan, shiddat bilan rivojlanayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni boshidan kechirmoqda. Insoniyat yana bir bor chorrahada turib, o‘zining navbatdagi yo‘nalishini belgilamoqda. Xitoy va Fransiya mas’uliyat va qat’iyat ko‘rsatishi, ko‘p qutblilik bayrog‘ini baland tutishi, zulmat va tumanni yorib o‘tib, tarixning o‘ng tomonida qat’iy turishi kerak", - dedi Xitoy rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy va Fransiya o‘z xalqlarining tub manfaatlari va xalqaro hamjamiyatning uzoq muddatli manfaatlarini hisobga olgan holda, har doim turli to‘siqlarni yengib o‘tib, yanada barqaror va muvaffaqiyatli har tomonlama strategik sheriklikni ta’minlash uchun teng huquqli muloqot olib borgan. Si Szinpin ta’kidlaganidek, tomonlar “teng va tartibli ko‘p qutbli dunyoni hamda inklyuziv va o‘zaro manfaatli iqtisodiy globallashuvni ilgari surish uchun yangi hissa qo‘shish” ustida ham ishlamoqda.