AQShning Nyu-York shahrida "legionerlar kasalligi" (legionellyoz) tarqalishi oqibatida 1 kishi vafot etdi, kamida 22 kishi ushbu bakteriya bilan zararlangan. Bu haqda ABC telekanali shahar Sog‘liqni saqlash departamentiga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kasallik Garlem va unga yaqin joylashgan tumanlarda qayd etilgan.
«Tekshiruv doirasidagi barcha gradirnyalar (sovitish qurilmalari) tekshirildi. Ilk natijalarda muammo aniqlangan binolarning egalariga **24 soat ichida chora ko‘rish buyrug‘i berildi», — deyiladi sog‘liqni saqlash departamenti bayonotida.
Legionellyoz, asosan, 50 yoshdan oshgan shaxslar, tamaki chekuvchilar, o‘pka kasalliklari yoki immuniteti past insonlar uchun xavfli hisoblanadi.
Bu kasallikni legionella bakteriyasi keltirib chiqaradi. U issiq suv muhitida tez ko‘payadi, ayniqsa havo sovitish tizimlarida.
Hozirda Nyu-York rasmiylari epidemiyaning oldini olish va xavfli manbalarni bartaraf etish ishlarini davom ettirmoqda.