AQShning N’yu-York shahrida faoliyat yuritayotgan masjidlarda ovoz kuchaytirgichlardan azon aytishga qo‘yilgan taqiq bekor qilindi.
Bu borada N’yu-York shahar ma’muriyati qaror qabul qildi, deb xabar beradi “Report”.
Qarorda qayd etilishicha, N’yu-Yorkda yashovchi musulmon jamoalarining talablarini inobatga olgan holda, shtatda Ramazon oyi davomida juma va kechki paytlarda ovoz kuchaytirgichlar bilan ommaviy azon o‘qishga ruxsat beriladi.
Shahar meri Erik Adams musulmon jamoalariga murojaatida musulmonlar shtatda o‘z e’tiqodlarini erkin amalga oshirishlari mumkinligini va buning uchun avvalroq taqiqlangan azon har juma kuni soat 12:30 dan 13:30 gacha eshitilishini aytdi.
“Report” xodimi musulmonlar masjidi joylashgan N’yu-York Islom markaziga tashrif buyurdi. Markazdagi masjidda 22 yildan beri ishlagan Mali Respublikasidan Muhammad Salimning aytishicha, bu qaror N’yu-York shahridagi musulmon jamoatchiligi uchun katta g‘alaba bo‘lgan: “Bugun biz juda xursandmiz. Tuni bilan uxlamadim, ertalab masjidga kelganimda ko‘zlarimga ishonmadim. Masjidda qadam qo‘yishga joy yo‘q edi. Ko‘p yillar avval masjid atrofida yashovchi amerikaliklar azon ovozidan noligan va shahar ma’muriyati azon aytishni taqiqlagan edi. Biz boshqa dinlarga hurmat va muhabbat bilan munosabatda bo‘lganimizdek, ular ham Islomga nisbatan xuddi shunday munosabat ko‘rsatishi kerak. Bugun Amerikada yashayotgan barcha musulmonlar baxtli. Endi azon bilan namoz o‘qiymiz. Bu bizga kamsitishdan qo‘rqmasdan o‘z e’tiqodimizga amal qilish imkonini beradi”.
M. Salim shahar meri E. Adams N’yu-York shahri musulmonlari uchun qattiq mehnat qilayotgani, so‘nggi yillarda shaharda masjidlar va islomiy maktablar sonini ko‘paytirish, musulmonlarning halol oziq-ovqat olishini osonlashtirish choralarini ko‘rganini aytdi.