Nyu-York polisiyasi so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik kokain musodara qilish operasiyalaridan birini o‘tkazdi.
Long-Aylend-Sitidagi omborxonadan 580 funt, ya’ni qariyb 250 kilogramm kokain olib qo‘yildi. Uning qiymati taxminan 10 million dollarga baholanmoqda. Bu haqda Nyu-York polisiyasi komissari Jessika Tish ma’lum qildi.
Polisiya ma’lumotiga ko‘ra, Nyu-Jersida yashovchi 35 yoshli Nelson Salsedo furgonga kokain solingan qutilarni yuklayotgan paytda qo‘lga olingan. Avtomobil ichida va uning atrofidan 230 ta o‘ram narkotik modda joylangan 19 ta quti topilgan. Tezkor test ularda kokain borligini tasdiqlagan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, musodara qilingan narkotiklar kartellardan biri bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
«Bu shtatlararo narkotik savdosi tarmog‘i bilan bog‘liq juda yirik partiya edi. Tergovchilarning ishi tufayli bu narkotiklar Nyu-York ko‘chalariga yetib bormaydi», — deya Jessika Tishning so‘zlarini keltiradi New York Post.
Qayd etilishicha, polisiya Salsedoni 12 avgustdan buyon kuzatib kelgan. U kamida ikki marta narkotik yetkazib bergan, uchinchi urinish paytida esa qo‘lga olingan.
Operasiya davomida yana ikki kishi hibsga olingan. Salsedoga narkotik moddalarni saqlash bo‘yicha ayblov qo‘yildi. Tovarni qabul qilishi kerak bo‘lgan shaxs esa hozircha qo‘lga olinmagan.