Amerikalik tergovchilar AQSh federal sudlarida saqlanadigan hujjatlar tizimiga yaqinda qilingan xakerlik hujumiga Rossiya qisman aloqador bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatuvchi dalillarni topdi, deb xabar beradi The New York Times bir nechta xabardor manbalarga tayanib.
Ularning ma’lum qilishicha, tizimda saqlanayotgan hujjatlar orasida milliy xavfsizlikka qarshi jinoyatlarda ayblanayotgan shaxslar va ma’lumot manbalari haqidagi maxfiy yozuvlar ham bo‘lishi mumkin.
"Hujum uchun kim javobgar ekani hozircha noma’lum. Tergov bilan tanish manbalar bu tizimga kirishga qaratilgan ko‘p yillik urinishlar haqida bildirishgan, tizim jiddiy zaifliklari bilan tanilgan. Tizim ma’murlari yaqinda hukumatni xakerlik hujumi haqida xabardor qilib, eng maxfiy hujjatlarni darhol tizimdan o‘chirib tashlashni tavsiya etgan", deyiladi The New York Times maqolasida.
Hujum haqida bundan avval Politico ham manbalariga tayanib yozgan edi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, kiberhujum ortida xorijiy davlatlar bilan bog‘liq shaxslar, shuningdek, jinoiy guruhlar bo‘lishi mumkin. Rossiya hukumati esa turli kiberhujumlarga aloqadorligini doimo rad etib keladi.