Oslo yaqinidagi eski transformator podstansiyasida katta miqdorda neft oqib ketdi. Voqea sodir bo‘lgan joyda ichkariga kirish izlari topilgan. Ekologlar ifloslanish ko‘lamidan xavotirda, deya xabar beradi Euronews.
Yakshanba kuni Oslo yaqinidagi Berum munisipalitetidagi eski transformator stansiyasidan 60 ming tonnaga yaqin neft sizib chiqdi. Norvegiya polisiyasi ehtmoliy sabotaj harakatini tekshirmoqda.
Mahalliy elektr tarmoqlari operatori Statnettning fikricha, hodisa hujumchilarning qasddan qilgan harakatlari natijasidir. Stansiyadagi panjara shikastlangani va kimdir transformator bakining qopqog‘ini burab qo‘ygani aytilmoqda.
— Ko‘rinib turibdiki, kimdir ichkariga kirib, transformator qopqog‘ini olib tashlab, uni ochiq qoldirgan va buning natijasida katta miqdordagi neft oqib ketgan, — dedi Statnett vakili Tomas Fennefoss.
Biroq, polisiya bayonotida bu nazariyaning aniq dalillari hali yo‘qligini aytdi.
Vaziyat odamlar uchun darhol xavf tug‘dirmaydi. Ammo atrof-muhit uchun o‘ta xavfli bo‘lgan neft mahsuloti stansiya yaqinida oqadigan Sandvik daryosiga, shuningdek, tuproqqa tushdi. Shu munosabat bilan ekspertlar atrof-muhitning ifloslanish ko‘lami va umuman mamlakatdagi ekologik xavfsizlikdan xavotir bildirmoqda.