Norvegiya hukumati Ukrainaga yordamni hozirgi 27 milliard norvegiya kronasidan (2,46 milliard dollar) 2025 yilda 30 milliard kronga (2,7 milliard dollar) oshirishga qaror qildi.
Bu haqda Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styor ma’lum qildi, deb yozadi «Report» TASS agentligiga tayanib. Shu bilan u Kiyevga yordamni qisqartirish haqidagi avvalgi taklifni rad etdi.
Reuters xabariga ko‘ra, so‘l markazchi koalisiya hukumati oktyabr oyida Ukrainaga yordamni 15 milliard kronga (1,37 milliard dollar) qisqartirishni taklif qilgan, biroq muxolif partiyalar bu tashabbusga qarshi chiqqan. Shunday qilib, konservatorlar Ukraina uchun rejalashtirilgan xarajatlarni 45 milliard kronga (4,11 milliard dollar) oshirishni taklif qilishdi.
Norvegiya hukumati rahbari avvalroq mamlakat Ukrainani qo‘llab-quvvatlash dasturini 2030 yilgacha uzaytirish niyatida ekanini aytgan edi. 2022 yil fevralidan beri Qirollik Kiyevga 3 milliard dollardan ortiq yordam ko‘rsatdi.