Namangan viloyatida Norin daryosida qurilayotgan gidroelektr stansiyalari kaskadining birinchi bosqichi ishga tushirildi.
17 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Uychi tumanidagi inshootni borib ko‘rdi. «O‘zbekgidroenergo» tomonidan amalga oshirilayotgan olti GESdan iborat loyihaning umumiy qiymati 428 mln dollardan ortiq bo‘lib, yiliga 1 mlrd kVt/h dan ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda. Bu 430 ming xonadonni elektr bilan ta’minlaydi va yiliga 290 mln kub metr gazni tejash imkonini beradi.
Ishga tushirilgan GES-1 to‘liq mahalliy materiallar va uskunalar asosida qurilgani bois «birinchi milliy GES» sifatida qayd etilmoqda. Stansiya yiliga 171 mln kVt/h energiya ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, 130 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Loyiha doirasida O‘zbekiston gidroenergetikasi tarixida ilk bor kichik bosim sharoitida ham samaradorligi yuqori bo‘lgan gorizontal kapsula shaklidagi gidroagregatlar joriy etildi. Mutaxassislar buni milliy gidroenergetika sohasida yangi bosqich deb baholamoqda.
GES hududida suv to‘sish inshooti, xizmat binolari va dispetcherlik punkti barpo etildi. Atrof-muhitni asrash maqsadida 6 ming tup manzarali daraxt o‘tqazildi, kelgusi bahorda yana 7 ming tup mevali ko‘chat ekilishi rejalashtirilgan. Loyiha mintaqa uchun ekologik ahamiyatga ham ega bo‘ladi.
Qolgan beshta stansiyaning ikkitasi 2026 yilda, uchtasi esa 2027 yilda ishga tushirilishi kutilmoqda. Umumiy hisobda Namangan viloyati quvvati 2141 MWga yetkazilib, yillik 7,8 mlrd kVt/h energiya ishlab chiqariladi. Bu miqdor viloyat ehtiyojini to‘liq qoplab, ortiqchasi Andijon va Farg‘ona viloyatlariga yo‘naltiriladi.