Bugun 19 oktyabr, 2019 yil, shanba

КИР

«Nodira Qodirovani o‘ldirishgan degan gaplarning hammasi yolg‘on» – Turkiya ichki ishlar vaziri

«Nodira Qodirovani o‘ldirishgan degan gaplarning hammasi yolg‘on» – Turkiya ichki ishlar vaziri

Turkiya Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu chorshanba kuni CNN Türk telekanalida chiqish qilib, jurnalistlar savollariga javob berdi. Dasturda bir nechta mavzular qatorida Nodira Qodirova ishi bo‘yicha ham savol berildi.

Eslatib o‘tamiz, 1996 yilda tug‘ilgan jizzaxlik Nodira Qodirova 23 sentyabr oqshomida Turkiya parlamentariysi Shirin Unalning Anqaradagi uyida ro‘y bergan noma’lum hodisa oqibatida vafot etgan edi. U deputatning xonadonida taxminan bir yildan buyon oqsoch bo‘lib ishlab kelgan.

«Hammamizning ham uyimizda xizmatchilar ishlashi mumkin. Masalan, mening uyimda ham oqsochlar bor. Hozir xonadonimda shunga o‘xshash narsa ro‘y berishidan qo‘rqib qolganman. Alloh saqlasin!

Bu jarayonga jamoatchilik yoki ba’zi doiralar tomonidan boshqacha tus berishga urinishlar bo‘lyapti. Men bu voqeani imkon qadar kuzatib boryapman. Hodisa ro‘y berganidan 5 daqiqa o‘tib menga xabar yetib kelgan, men zudlik bilan Anqara polisiyasi boshlig‘ini jo‘natgan edim. Polisiya boshlig‘i 9 daqiqada u yerga yetib borgan, uning ortidan tez tibbiy yordam kelgan. Ular qulflog‘liq eshikni ochib kirishgan.

«U o‘zini o‘ldirmagan, uni o‘ldirishgan» degan gaplar yuribdi. Bularning hammasi yolg‘on. Shov-shuvlarning hammasi deputatning ismi bilan bog‘liq.

Bu yerda adolatni qaror toptirishdan ham tashqari vijdon va insoniylik mas’uliyati ham bor. Jinoyat ehtimoli bo‘lgan barcha holatlarda qanday yo‘l tutilsa, bu vaziyatda ham xuddi shunday qilingan. Prokuratura tegishli bayonot bilan chiqdi. Sud-tibbiy ekspertizasi ham qilingan, tegishli namunalar olingan.

Bu kabi holatlarda OAVning ba’zi qismi tushkun ahvolda qolgan oilalarga bosim o‘tkazadi. Ko‘rib turibman, Qodirovaning oila a’zolari ayni mana shu hissiyot ta’sirida fikr bildiryapti. Ishoning, ayni paytda barcha huquqiy jarayonlar talab darajasida ketmoqda», degan vazirning so‘zlarini keltirdi «Jumhuriyat» nashri.

Qodirova oilasining advokati ishni topshirdi

Turkiya Avvalo ayollar va bolalar assosiasiyasi rahbari, huquqshunos Mujde Tozbey-Erden mazkur ish doirasida Nodira Qodirova oilasining advokati bo‘lishdan voz kechganini e’lon qildi.

Mujde Tozbey-Erden 25 sentyabrdan boshlab, ya’ni fojidan ikki kun o‘tib Qodirova oilasi tomonidan advokat sifatida ish boshlagan edi. Prokuratura marhum va uning dugonasini fohishalikda gumon qilayotgani ma’lum bo‘lgach, advokat OAVda chiqish qilib: «Ular Nodira Qodirovani fohishalikda ayblash orqali o‘zlarini oqlab olishmoqchi», deb fikr bildirgandi.

«Odatda, ayol kishi vafot etgan holatlarda o‘lim o‘z joniga qasd qilish oqibatida ro‘y berganmi yoki yo‘q, degan savolga sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga tayanib prokuratura javob berardi. Qodirovaning suisidi bilan bog‘liq holatda esa buni polisiya departamenti e’lon qilgani dastlabki gumonlarni keltirib chiqaryapti», – deya qayd etgandi u.

Ammo ma’lum bo‘lishicha, Tozbey-Erden endilikda bu ish bilan shug‘ullanmaydi. Bu qarorini u marhumning oila a’zolari bilan fikrlari bir joydan chiqmagani bilan izohladi.

«Nodiraning do‘stlari, OAV va jamoatchilikning qo‘llab-quvvatlashi bilan biz ishning yopdi-yopdi qilinishiga to‘sqinlik qilib keldik. Lekin hozirgi vaqtga kelib, Nodiraning oilasi bilan nuqtayi nazarimiz turlicha bo‘lgani sababli bu ishdan oilaning advokati sifatida iste’fo berishimiz kerak, degan qarorga keldik.

Biz Nodira va taqdiri unga o‘xshash ayollar huquqlari uchun kurashimizni davom ettiramiz», – dedi Avvalo ayollar va bolalar assosiasiyasi rahbari.

Qayd etish kerak, bundan oldin matbuotda Qodirovaning oilasi «qattiq qo‘rqib qolgani» haqida xabarlar tarqalgan edi.

Jumladan, Nodiraning akasi Muhammad Ali so‘nggi intervyularidan birida: «Yaqin-yaqingacha menda qo‘rquv bor edi, lekin endi qo‘rqmayman», deb ta’kidlagandi.

Yangi advokat «muhim guvohlik ko‘rsatmalari» borligi va oilaga bosim bo‘layotganini aytmoqda

Ushbu ish yuzasidan endilikda advokat Birol O‘zturk o‘zbekistonlik oila tomonida turib shug‘ullana boshlashi kutilmoqda. Hozircha u rasman bu ishga kirishish uchun advokatlik vakolatini olganicha yo‘q.

O‘zturkning «Bir Kun» nashriga ma’lum qilishicha, ishning borishida «jiddiy siljish va guvohlarning ko‘rsatmalari» bor. Lekin u ishga kirishishi uchun rasmiyatchilik jarayoni cho‘zilib ketmoqda.

«Mijozim haftalardan buyon men vakolat ishonchnomasini olishim uchun harakat qilyapti. Men hamon ish bo‘yicha hujjatlarni olish imkoniga ega emasman. Hujjatlarni olgach, batafsil tushuntirish beraman», deydi u.

Advokat, shuningdek, Qodirova oilasiga bosim bo‘layotganini ham aytgan.

«Oila tushkun kayfiyatda, ularga juda ko‘p telefon bo‘layotganini aytishyapti. Akasi bilan gaplashganimda unga ko‘p bosim bo‘layotganini aytdi. Menimcha, jasad bilan birga O‘zbekistonga borgan Unalning haydovchisiga ham bosim o‘tkazishgan.

Voqea yuzasidan juda juddiy taxminlarimiz va guvohlarimiz bor. Bu guvohlarning ko‘rsatmalari muhim ahamiyatga ega», dedi advokat Birol O‘zturk.

Nodiraning akasi videomurojaat orqali ishni yopib yubormaslikni so‘radi

Qodirovaning akasi Muhammad Ali O‘zbekistondan turib «Bir Kun»ga yo‘llagan videomurojaatida jurnalistlardan ishning yopilib ketishiga yo‘l qo‘ymasliklarini iltimos qilib so‘ragan.

«Bu yerda onam qayg‘udan o‘lib qolishi mumkin. Onamning ahvoli og‘ir, dorilar bilan yonida bo‘lib turibman. Sizlardan ish yopilib ketmasligini so‘rab qolaman», – deydi u videomurojaatda.

Qayd etish kerak, OAVda deputat Shirin Unal ish bo‘yicha 9 kundan keyin ko‘rsatma bergan bo‘lishi mumkinligi haqida ham xabarlar bor. Ayni paytda, boshqa manbalarda iste’fodagi general voqea ro‘y bergan kunning o‘zidayoq bosh prokuror o‘rinbosarini uyiga chaqirib, hodisani tushuntirgani aytilyapti.

Eslatib o‘tamiz, Anqara shahar bosh prokurori Yuksel Kojaman Kun.uz`ga bergan izohida ayrim nashrlar hodisani «juda bo‘rttirib yoritayotgani», bu orqali ba’zilar, jumladan muxolifat hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasini obro‘sizlantirishga urinayotgan bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

Anqara prokuraturasi rahbari ham, Turkiya Ichki ishlar vaziri qayd etganidek, polisiya xodimlari borgan paytda xona eshigi qulf bo‘lganiga urg‘u bergan edi.

Kiritildi: 20:18 10.10.2019. O'qildi: 1768 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi, va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!