Mamlakat Markaziy saylov komissiyasi navbatdagi parlament saylovlarida ovozlarni hisoblab chiqishni yakunladi, unda amaldagi bosh vazir Nikol Pashinyanning "Fuqarolik shartnomasi" partiyasi ishonchli tarzda yetakchilik qilmoqda.
Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, "Fuqarolik shartnomasi" 49,8 foiz ovoz to‘plagan. Ikkinchi o‘rinda — rossiyalik va armanistonlik tadbirkor Samvel Karapetyanning "Kuchli Armaniston" partiyalar bloki (23,3 foiz). Parlamentga, shuningdek, sobiq prezident Robert Kocharyan yetakchiligidagi "Armaniston" partiyasi (9,9 foiz) va "Gullab-yashnayotgan Armaniston" partiyasi (4 foiz) kirmoqda.
Armaniston saylov tizimining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olganda, bu Pashinyan partiyasi parlamentda mutlaq ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritishini anglatadi. Yakuniy natijalar sarhisob qilingach, 4 foizlik to‘siqdan o‘ta olmagan partiyalarning ovozlari parlamentga o‘tgan siyosiy kuchlar o‘rtasida shunday taqsimlanadiki, qaysi kuch ko‘proq foiz to‘plagan bo‘lsa, unga qayta hisoblangan ovozlarning kattaroq qismi tegadi. Natijada, "Fuqarolik shartnomasi" mutlaq raqamlarda 50 foiz ovoz to‘play olmagan, biroq qayta taqsimlashdan so‘ng mamlakat parlamentidagi joylarning taxminan 60 foiziga ega bo‘ladi.
Nikol Pashinyan hali tundayoq o‘z partiyasining g‘alabasini e’lon qildi va "Fuqarolik shartnomasi" hukumatni bir o‘zi shakllantirishiga ishonch bildirdi.
"Men partiyadagi barcha hamkasblarimga minnatdorchilik bildiraman. Biz kunu tun ishladik va bu tarixiy g‘alabadir. Bu g‘alaba armani xalqiga tegishli", — deya ta’kidladi u.