Nigeriyaning shimoliy-g‘arbidagi Zamfara shtati Bukkuyum tumanida vabo epidemiyasi tarqaldi va kamida sakkiz kishi vafot etdi, deb xabar berdi AZERTADJ.
Xastalik 11 ta qishloq aholi punktlarida 200 dan ortiq odamga yuqqan. Bu haqda mahalliy hokimiyat ma’lum qildi.
Tibbiy yordamning cheklangani va xavfsizlik muammosi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.
Vabo – iflos suv orqali yuqadigan infeksiya. Bu kasallik Nigeriyada tez-tez uchrab turadi, chunki qishloq hududlari va shahar chetidagi kambag‘al tumanlarda toza ichimlik suvi katta muammo.
Epidemiya avj olgan qishloqlar orasida Nasarava-Burkullu, Gurusu va Adabku bor. Bu yerlarda ahvol jiddiy – dastlabki tibbiy yordam yetishmasligi sababli ko‘pgina bemorlar uy sharoitida davolanishga majbur.
“Hozirgi vaqtda 21 kishi kasalxonaga yotqizilgan. Uch kishi esa Nasarava kasalxonasiga o‘z vaqtida yetkazilmagani uchun vafot etdi”, – dedi Gurusu qishlog‘i oqsoqoli Muhammad Djibchi Reuters agentligiga bergan intervyusida.
Ma’lumot uchun, Zamfara shtatida qurollangan jinoiy guruhlar tez-tez hujum qiladi. Mahalliy aholi ularni «qoraqchilar» deb ataydi. So‘nggi oylarda zo‘ravonlik ko‘payib, dehqonchilik qilish va yo‘lda yurish aholi uchun xavfli bo‘lib qolgan. Bu guruhlar qishloq aholisi va yo‘ldagi yo‘lovchilarni ko‘pincha o‘g‘irlab, ulardan pul talab qiladi.