Nigeriyaning shimoli-g‘arbidagi Zamfara shtatida noma’lum qurolli shaxslar 317 nafar o‘quvchi qizni o‘g‘irlab ketdi, deyiladi Nigeriya polisiyasining juma kuni bergan bayonotida. Bu Nigeriyada so‘nggi o‘n kun ichida amalga oshirilgan ikkinchi odam o‘g‘irlanish holati hisoblanadi.
«Menga mavjud bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘g‘rilar tunda transport vositalarida kelishgan va o‘quvchilarni olib ketishgan, ularning ba’zilari esa piyoda ham kelgan», deydi Zamfara shtati axborot komissari Sulaymon Tanau Anka.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi YUNISEF ham 300 dan ortiq qiz o‘g‘irlanganini tasdiqladi.
«Biz Nigeriyadagi maktab o‘quvchilariga qilingan yana bir shafqatsiz hujumdan g‘azablandik va qayg‘uga tushdik» dedi YUNISEFning Nigeriyadagi vakili Piter Xokins.
Ayni paytda polisiya qidiruv ishlarini davom ettirmoqda. Nigeriyada o‘tgan haftada ham noma’lum shaxslar maktab-internatga kechasi hujum uyushtirib, bir nafar o‘quvchini o‘ldirgan va 42 kishini, shu jumladan, 27 nafar o‘quvchini o‘g‘irlab ketishgandi. Ushbu hujumda garovga olinganlar hanuzgacha ozod qilinmagan.