Terrorchilar faol harakat qilayotgan Nigeriya shimoli-sharqidagi Borno, Adamava va Yobe shtatlarida gumanitar inqiroz kuchaydi, deya xabar beradi Anadolu agentligi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining xabar berishicha, Nigeriya shimoli-sharqidagi terrorchilar faol bo‘lgan shtatlarda 600 mingdan ortiq bolalar yaqin 6 oy ichida zudlik bilan oziq-ovqat bilan ta’minlanmasa, ochlikdan o‘lish xavfi bor.
Nigeriya hukumati va BMT vakillarining qo‘shma bayonotida aytilishicha, shimoli-sharqdagi Borno, Adamava va Yobe (BAY) shtatlarida terrorchilik harakatlari tufayli gumanitar inqiroz yanada kuchaygan.
Mazkur ma’lumotlarga ko‘ra, Borno, Adamava va Yobe shtatlarida 4,6 million kishi iyun oyidan boshlab qurg‘oqchilik mavsumida o‘tkir oziq-ovqat tanqisligini boshdan kechiradi, bu esa o‘z navbatida oltinchi yil davomida mintaqada og‘ir gumanitar vaziyatni keltirib chiqarmoqda.
Ayni paytda, Nigeriya gumanitar ishlar va qashshoqlikni bartaraf etish vaziri Nentave Goshve Yilvatda va BMTning Nigeriyadagi gumanitar va doimiy koordinatori Muhammad Fall poytaxt Abudjadagi tadbirda "Nigeriya 2025 quruq mavsumiga javob rejasi"ni taqdim etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan vazir Yilvatda kelajakda Borno, Adamava yoki Yobe shtatlarida hech bir bola och qolmasligiga va’da berdi.
— Bu reja faqat tuzilmalar va strategiyalar haqida emas. Bu Borno, Adamava yoki Yobe shtatlarida hech bir bola och qolmasligi, hech bir ona o‘z farzandini davolash mumkin bo‘lgan kasallik tufayli yo‘qotmasligi, mojaro va qashshoqlik natijasida inson qadr-qimmatiga putur yetkazmasligi haqida va’dadir, — dedi u.
BMT koordinatori Fall bu borada o‘z fikrlarini bildirib, xalqaro tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
— Gumanitar yordam xavf ostida. Hamkorlik zaiflashmoqda va resurslarning yetishmasligi millionlab odamlarni, ayniqsa bolalarni xavf ostiga qo‘yadi, — dedi Fall.