Niderlandiya mamlakatning Gaagadagi elchixonasiga qilingan hujum voqeasi uchun Misrdan uzr so‘radi. Bu haqda Misr TIV asoslanib, Repost.az nashri xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Niderlandiya Tashqi ishlar vaziri Kaspar Veldkamp misrlik hamkasbi Badr Abdul-Atiy bilan telefon orqali suhbatlashganda uzr so‘ragan.
Bundan oldin, 15 avgust kuni misrlik faol Anas Habib Qohiraning G‘azo sektori bilan chegaradagi Rafah nazorat-o‘tkazish punktini yopishiga norozilik bildirib, mamlakatning Gaagadagi elchixonasi tashqi darvozalarini qulflab qo‘ygan edi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, bu Anas Habib ishtirokidagi birinchi shunga o‘xshash hodisa emas.
Veldkamp voqeadan chuqur afsusda ekanligini bildirib, uni yakka holat deb atadi. Vazirning ta’kidlashicha, vakolatli organlar Misr elchixonasi atrofida xavfsizlik choralarini kuchaytiradi.
O‘z navbatida, Abdul-Atiy Misrning Niderlandiyadagi diplomatik vakolatxonasi xavfsizligini ta’minlash muhimligini ta’kidlab, Niderlandiya tomonining bu masalada xalqaro huquqqa muvofiq javobgarligini ko‘rsatib o‘tgan.
U sodir bo‘lgan voqeadan noroziligini bildirgan va bunday hodisalarning yana takrorlanishi Misr tomonidan chora ko‘rilishiga olib kelishi mumkinligini alohida ta’kidlagan.