Bugun 18 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Neyroxirurgiya markazida qanday noyob operasiyalar yo‘lga qo‘yildi?

Neyroxirurgiya markazida qanday noyob operasiyalar yo‘lga qo‘yildi?

Insonning sezgi organlari faoliyati bosh miyada joylashgan 12 juft nerv orqali boshqariladi. Shu tufayli so‘zlash, eshitish, ko‘rish, hid va ta’m bilish, imo-ishoralarni ifodalash kabi imkoniyatlarga egamiz.

Organizmning ushbu murakkab a’zosi 100 milliard neyron va trillion hujayralardan tashkil topgan. Bu ma’lumotlar markaziy asab tizimi kasalliklari muolajasida miyaga tig‘ tekkizish naqadar murakkab amaliyot ekanligini tasdiqlaydi.

Neyroxirurgiya ayni shu faoliyat, ya’ni miya va orqa miya, shuningdek, uning periferik bo‘limlarini operasiya orqali davolash bilan shug‘ullanadi.

— Hozir mamlakatimiz bo‘yicha bu yo‘nalishda nuqson bilan tug‘ilish, umurtqa pog‘onasi degenerativ-distrofik kasalliklari hamda markaziy nerv tizimi qon tomirlari xastaliklari eng yuqori o‘rinlarni egallaydi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori Ulug‘bek Asadullayev. — Muassasamizda ana shunday minglab bemorlarda murakkab va noyob operasiyalar o‘tkazyapmiz.

Shuningdek, hududiy filiallarimizda 100 ga yaqin turdagi neyroxirurgik amaliyotlar bajarilmoqda. Ularning yarmini yuqori texnologik operasiyalar tashkil etyapti. Bundan tashqari, ilg‘or muolaja usullari hududlardagi davolash muassasalarining neyroxirurgiya bo‘limlarida ham joriy etilgan.

Xususan, yaqinda muassasamizda ilk bor bosh miya yarim sharlarining nutq va xarakat markazlari faoliyatini saqlab qolish maqsadida 3 nafar bemorda “Awake Surgery”, ya’ni "uyg‘oq jarrohlik" usulida noyob operasiyalar o‘tkazildi.

Shuningdek, Jizzax viloyatida birinchi marta endovaskulyar usulda bosh miya qon tomirlari anevrizmasida yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti bajarildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2 nafar va Sirdaryo viloyatida 1 nafar bemorda yuqori texnologik neyrojarrohlik muolajasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Ayni paytda markazda turli og‘riq sindromlarini operasiyasiz va asoratsiz bartaraf etuvchi Radiochastotalik ablyasiya davolash texnologiyasi ishlab turibdi. Endovaksulyar jarrohlik amaliyoti, intraoperasion neyromonitoring imkonini beruvchi neyrofiziologik usuldagi muolajalardan keng foydalanilmoqda.

Shuningdek, bu yerda qo‘llanilayotgan tutqanoq kasalligini zamonaviy usulda davolash metodikasi qo‘shni davlatlardan ham murojaatlar sonining oshishiga xizmat qilyapti.

Kiritildi: 10:28 30.03.2023. O'qildi: 1300 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!