«Pari-Sen-Jermen» klubining braziliyalik forvardi Neymar klubi bilan shartnomasini uzaytirdi.
Parij klubi rasmiy sayti Neymar bilan 2025 yilga qadar yangi shartnoma imzolanganini rasman e’lon qildi. Avvalgi kelishuv 2022 yilning yoziga qadar belgilangandi.
Bungacha Marca nashri Neymar yangi shartnomasiga ko‘ra Parijda yillik 30 million yevro maosh olishi haqida ma’lum qilgandi.
Avvalroq, braziliyalik hujumchini «Barselona» ortga qaytarmoqchi ekani va buning uchun Parij klubiga 100 million yevrolik taklif tayyorlayotgani haqida xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Neymar 2017 yilda rekord – 222 million yevro evaziga Kataloniyadan Fransiyaga ko‘chib o‘tgandi. Neymar Fransiya chempionati joriy mavsumida 15 o‘yinda maydonga tushib, 7ta gol va 5ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Shuningdek, uning hisobida YECHL joriy mavsumi 9 o‘yinida kiritilgan 6ta gol va 3ta assist mavjud.