PSJ hujumchisi Neymar Fransiya chempionatining 3-turi doirasida «Marsel»ga qarshi o‘yindagi (0:1) harakati uchun jiddiy jazo olishi mumkin. Bu haqda RMC nashri xabar qildi.
Fransiya Ligasi tartib-intizom qoidalariga ko‘ra, futbolchining o‘yindan tashqari vaziyatdagi agressiv harakati yettitagacha o‘yindan diskvalifikasiya qilish bilan jazolanishi mumkin.
Mazkur uchrashuvdagi holatlar bo‘yicha qaror Liga 1 tartib intizom qo‘mitasining 16 sentyabr kungi yig‘ilishida e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Neymar «Marsel» o‘yinchisi Alvaro Gonsalesning boshiga qo‘li bilan zarba bergan, hakam videotakrorlardan so‘ng hujumchiga qizil kartochka ko‘rsatgandi.
Neymar ispaniyalik futbolchini irqchilik ruhidagi so‘zlarni ishlatganlikda ayblamoqda. Biroq Gonsales bu ayblovlarni rad etdi va Neymarga yutqazishni ham bilish kerakligini ta’kidladi.
Qayd etish joiz, o‘yin o‘ta asabiy ruhda o‘tdi. O‘yin so‘ngida yuzaga kelgan janjal oqibatida uchrashuv hakami Jerom Brizar 5 futbolchiga qizil kartochka ko‘rsatdi. Uchrashuvda futbolchilar jami 17 ta kartochka bilan siylandi