Bugun 11 sentyabr, 2026 yil, juma

КИР

Netanyaxu sud bilan tahdid qildi: «7 oktyabr» hujumi oldidan ogohlantirilganmi?

Netanyaxu sud bilan tahdid qildi: «7 oktyabr» hujumi oldidan ogohlantirilganmi?

Isroilda Binyamin Netanyaxu «7 oktyabr» hujumi oldidan ehtimoliy ogohlantirish olgani haqidagi xabarlar yangi siyosiy janjal va voqealar yuzasidan davlat tergovi o‘tkazish talablariga sabab bo‘ldi.

Haaretz gazetasi Netanyaxuga Birlashgan Arab Amirliklaridan HAMASning ehtimoliy hujumi haqida ogohlantirish yetkazilgani, ammo bosh vazir zarur choralarni ko‘rmagani haqida xabar berdi. Nashr o‘z materialining ishonchli ekanini ta’kidlamoqda.

Xabar e’lon qilingach, muxolifat yetakchilari Naftali Bennet, Gadi Ayzenkot, Avigdor Liberman va Yair Golan 2023 yil 7 oktyabr voqealari yuzasidan zudlik bilan davlat tergov komissiyasini tuzishni talab qildi.

Ularning ta’kidlashicha, Isroil jamiyati hujumdan oldin, hujum vaqtida va undan keyin nima bo‘lganini bilish huquqiga ega. Muxolifat Netanyaxunu bosh vazirga bevosita yetkazilgan jiddiy ogohlantirishlarni e’tiborsiz qoldirganlikda ayblamoqda.

Netanyaxu esa javoban advokatlariga Haaretz va jurnalist Shlomi Eldarga qarshi tuhmat bo‘yicha da’vo kiritishni topshirdi.

Bosh vazir idorasi gazetadagi xabarni «to‘liq uydirma» deb atadi. Idora ma’lum qilishicha, 2023 yil sentyabr boshidan 7 oktyabrga qadar Netanyaxu va BAA vakillari o‘rtasida hech qanday aloqa bo‘lmagan. Bunga dalil sifatida telefon qo‘ng‘iroqlari jurnallari va bosh vazir idorasiga tashriflar qaydlari keltirilgan.

Shuningdek, Netanyaxu idorasi Haaretzni 27 oktyabrdagi saylovlar arafasida siyosiy maqsadlarga qaratilgan kampaniya olib borishda aybladi.

Bosh vazir idorasi hujum oldidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun sobiq ichki xavfsizlik xizmati «Shin-Bet» rahbari Ronen Bar va sobiq Bosh shtab boshlig‘i Gersi Xalevini mas’ul deb hisoblamoqda. Netanyaxu idorasi versiyasiga ko‘ra, ular hujum boshlanishidan bir necha soat oldin tayyorgarlik alomatlarini olgan, ammo bu haqda bosh vazirni o‘z vaqtida xabardor qilmagan.

Netanyaxu esa 7 oktyabr voqealari bo‘yicha davlat tergov komissiyasi tuzish talablariga hanuz qarshilik qilmoqda. Uning fikricha, mas’uliyat masalasi urush tugaganidan keyin ko‘rib chiqilishi kerak.

Haaretz o‘z navbatida e’lon qilgan ma’lumotlaridan voz kechmasligini va materialining ishonchliligiga ishonishini bildirgan.

Kiritildi: 21:45 10.09.2026. O'qildi: 888 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!