Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Nega “to‘rtinchi hokimiyat” tushunchasi qonunlarda yo‘q?

Nega “to‘rtinchi hokimiyat” tushunchasi qonunlarda yo‘q?

Bu savolni to‘qqizinchi sinf o‘quvchisi berdi. Aslini olganda, birinchi, ikkinchi va uchinchi hokimiyat degan atamalar ham qonunchilikda aksini topmagan, dedim men. Ammo ommaviy axborot vositalarining jamiyat taraqqiyotida tutgan o‘rni yuksak baholangan holda qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va nazorat qiluvchi hokimiyat organlari qatoriga qo‘yilishini imkon qadar sodda izohlash payida bo‘ldim.

Navqiron yurtdoshimizning keyingi savoliga javob berishga biroz qiynaldim: nega odamlar ko‘chada, to‘yda, tadbirda boshqacha gapiradiyu televizorga chiqsa umuman o‘zga mulohazalarni bildiradi?

Darhaqiqat, hurmatli erkaklar choyxonalarda, qadrli ayollarimiz gashtagu bazmda mavjud muammolarni miridan-sirigacha tahlil qilishadi. Hatto o‘zlari bilmagan holda maqbul yechimlarni ham aytishadi. Biroq mikrofon tutgan jurnalist qarshisida “izchil islohotlar yuksak samaralar berayapti, hech qanday muammo yo‘q, barcha imkoniyatlar yaratilgan” degan gapdan nariga o‘tmaydi. Masalan, hozirgi vaqtda muallimlarning avvalgi berilgan oylik maoshlaridan bir qismini qaytarish talab qilinayapti. Bunda o‘qituvchining aybi yo‘qligi, u shu darsni amalda o‘tganini hech kim rasman aytmaydi OAVga. Bosh og‘riq ko‘payishidan bezishadi.

Bu esa ommaviy axborot vositalari sohasi liberallashmaganidan, jamiyat a’zolarining aksariyatida erkin fikr ko‘nikmasi shakllanmaganidan dalolatdir. Hatto to‘g‘risini gapirsang jazolashadi, deb o‘ylaguvchilar ham kam emas. Binobarin, bunday dunyoqarash bilan taraqqiy topgan davlatlar qatoriga kirish mushkul.

Shuning uchun ham O’zLiDePning Saylovoldi dasturiga ayni masala hal qiluvchi yo‘nalishlardan biri sifatida kiritilgan. Partiyaning bu boradagi eng muhim vazifasi ommaviy axborot vositalarini tom ma’nodagi “to‘rtinchi hokimiyat”ga, aholi ehtiyojlarini hokimiyat organlariga yetkazishning ta’sirchan robitasi yanglig‘ demokratiya ko‘zgusiga aylantirishdan iboratdir. Davlat organlari faoliyatiga tanqidiy va xolis munosabat bildirish, turli sohalardagi kamchiliklarni, dolzarb muammolarni aniqlash va yoritish OAV faoliyatini baholashda bosh mezon bo‘lib qolishi lozim.

Xullas, liberal-demokratlar mamlakatimizning global axborot makoniga uyg‘un kirib borishi va integrasiyalashuvi, xalqaro axborot almashinuvi sohasida uning mavqeini mustahkamlash, axborot makonidagi bozor munosabatlari va adolatli raqobatni rivojlantirish, raqobatbardosh nodavlat media-guruhlarning vujudga kelishi va milliy jurnalistika institutini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etish maqsadini qo‘ymoqda.

Shuningdek, barcha aholi punktlari va ta’lim muassasalariga zamonaviy optik tolali internet aloqa tizimini olib kirish va internet xizmatlari narxini pasaytirish, tashqi internet kanallari orqali internet trafiklari sotib olish va mamlakatga tarqatish bo‘yicha monopollashuvga yo‘l qo‘ymaslik dolzarb ahamiyat kasb etadi.

To‘qqizinchi sinfda o‘qiydigan suhbatdoshim aytilgan masalalarning amalga oshishi bilan hayotimiz qanchalik o‘zgarishini ko‘z oldiga keltira boshladi. Menimcha, eng muhimi shunda – ertangi kunga ishonch uyg‘ota bilashda. Demak, tadbirkorlar partiyasi mo‘ljalni ham aniq olgan, strategiyani ham to‘g‘ri tanlagan.

Omon ESON

Kiritildi: 09:41 18.11.2019. O'qildi: 5614 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!