Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘zining nabirasi Aysultan o‘limiga izoh berdi.
Elboshi bu haqda "Portretga chizgilar" hujjatli filmining uchinchi qismida so‘zlagan.
"Uch nafar qizimdan ajoyib nabiralarim bor. Afsuski, shu yili (2020 yil, — tahr.) nabiralarimdan birini yo‘qotib qo‘ydik, u juda menga o‘xshardi. Nabiram dunyoni juda erta tark etganidan qattiq afsuslanaman", — degan Nazarboyev.
U, shuningdek, Aysultan turli davlatlarda giyohvandlikka qarshi davolanganini aytib o‘tgan.
"Uni hech qayerga yubormaslik mumkin edi, ammo ushlab turishning imkoni yo‘q edi. U bu ishning quliga aylanib ulgurgandi, to‘xtata olmasdi o‘zini. Biz uni Moskvada davolatdik, Londonda davolatdik. Bir qarashda bu ishdan uzoqlashgandek bo‘lardiyu, yana qaytardi", - deb qo‘shimcha qilgan Elboshi.
Aysultan Nazarboyev 2020 yilning 16 avgustida 30 yoshida vafot etdi.