Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiyda erkak markaziy poliklinika binosi 3-qavatidan o‘zini tashlab yuborganligi haqida xabarlar tarqalgan.
Aniqlanishicha, Navbahor tumani “Romitan” mahallasida yashagan 54 yoshli S.S. (erkak) 16.10.2022 yilda mastlik holatida yiqilib tushishi natijasida bosh aylanishi va tili orqaga ketishi shikoyati bilan Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Navoiy viloyati filialining neyroxirurgiya bo‘limiga davolanish uchun yotqizilgan.
18.10.2022 yilda S.S. o‘zi yotib davolanib kelayotgan bo‘limning palatasida mavjud bo‘lgan derazadan o‘zini pastga tashlagan va voqea joyida vafot etgan.
Tergov-tezkor guruhi tomonidan voqea joyi ko‘zdan kechirilib, sud-tibbiy ekspertiza tekshiruvidan o‘tkazilgan.
Shuningdek, o‘rganishda marhum ichkilikka ruju qo‘yganligi sababli yaqin qarindoshlari bilan o‘zaro kelishmovchiligi mavjudligi aniqlandi.
Hozirda Navoiy shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.