Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro J.M. o‘zining rahbarligi va ta’sischiligi ostida 5 ta MCHJni tashkil qilib, bank mansabdor shaxslari bilan oldindan til biriktirib, mol-mulklarni sun’iy oshirilgan narxda garovga qo‘yib, AT “Xalq bank” Navoiy shahar filialidan 2 ta holatda 2,9 mlrd so‘m, ATB “Mikrokreditbank” Karmana tuman filialidan 500 mln so‘m jami 3,4 mlrd so‘m kredit mablag‘ini ajratilishiga erishib, shundan 2,4 mlrd so‘mini o‘zi rahbarligidagi MCHJlar orqali bank kassalaridan naqd pul shaklida va korporativ kartaga tushirib olib, o‘zining shaxsiy manfaatlari yo‘lida sarflab talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Shuningdek, J.M. faoliyati davomida jami 668 mln so‘mga savdo majmuasi hamda “Lacetti”, “Damas” rusumli avtotransport vositalarini xarid qilib, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarini legallashtirgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish), 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.