Bild nashrining manbalariga tayanib xabar berishicha, alyans Rossiya qo‘shinlari Estoniya, Latviya yoki Litvaga hujum qilgan taqdirda harakat qilish maqsadida uch bosqichli reja ishlab chiqqan. Asosiy maqsad hujumni to‘xtatish va Rossiya kuchlarini maksimal darajada zaiflashtirishdir.
Birinchi bosqich raketalar va uchuvchisiz uchish apparatlari (dron) hujumlarini bostirishdan iborat. Buning uchun NATO Rossiya raketa majmualarini yo‘q qilishda qiruvchi samolyotlar, raketalar va dronlardan foydalanishni rejalashtirmoqda. Ko‘plab havo hujumidan mudofaa tizimlari hamda raketa majmualari joylashtirilgan Kaliningrad viloyati asosiy nishonlardan biriga aylanishi mumkin.
Shuningdek, Rossiya va Belarus bilan chegaralarda “avtonom zona” deb ataluvchi hudud yaratish ko‘zda tutilgan. Unda NATO harbiy xizmatchilari bo‘lmaydi: ilgarilayotgan Rossiya qo‘shinlariga qarshi dronlar hamda yerusti robotlashtirilgan tizimlari harakat qiladi.
Keyingi bosqichda NATO bevosita Rossiya hududiga zarbalar berishi mumkin. Maxsus topshiriq berilgan kuchlar harbiy va logistika ob’ektlarini: aerodromlar, mudofaa korxonalari, ko‘priklar hamda qo‘shin va texnikalarni tashish uchun foydalaniladigan temiryo‘llarni yo‘q qilishi kerak bo‘ladi. Alyans, shuningdek, Vladimir Putinga qarshi bo‘lgan rossiyaliklarning yordamiga ham umid qilmoqda.
NATO Rossiyaga dronlar va robotlarni tashish uchun “havo ko‘prigi”ni yaratishni rejalashtirmoqda. Ular, jumladan, ayerodromlar hamda harbiy bazalarga hujum qiladi. Shu bilan birga, alyansdagilar Rossiya hududini egallab olish rejalashtirilmaganini ta’kidlamoqda. Vazifa Rossiya qo‘shinlarini chegaragacha surib chiqarishdan iborat.
Bild'ning qayd etishicha, NATO ushbu rejalarni sir saqlamoqchi emas. Harbiylarning fikriga ko‘ra, tiyib turish omili faqat dushman alyans mamlakatiga hujum qilgan taqdirda nimalarga duch kelishini oldindan bilsagina ishlaydi.