NATO Germaniyani Polsha va Chexiya bilan bog‘lovchi quvurlar tizimini qurish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Der Spiegel nashriyoti Bundesverning xizmat hujjatlariga asoslanib xabar bermoqda. Ushbu qadam Rossiya tomonidan hujum bo‘lgan taqdirda, alyansning sharqiy qanotidagi qo‘shinlarni aviasiya yoqilg‘isi bilan uzluksiz ta’minlash imkonini berishi kutilmoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, NATO quvur tarmoqlarini yoqilg‘i ta’minotining juda muhim qismi deb hisoblamoqda. Shu sababli, Bramshe shahridan (Quyi Saksoniya) Polshagacha bo‘lgan mavjud quvurni uzaytirish, shuningdek, Ingolshtadtni (Bavariya) Chexiya bilan bog‘laydigan yangi yo‘nalishni yaratish rejalashtirilgan. Kelajakda tarmoqni Litvagacha kengaytirish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.
Germaniya mudofaa vazirligining fikricha, bunday infratuzilma bo‘lmasa, harbiy mojaro holatida qo‘shinlarni yoqilg‘i bilan ta’minlash NATO uchun "axilles tovoni"ga aylanishi mumkin.
Bundesver hujjatida ta’kidlanishicha, o‘q-dorilar va texnika ehtiyot qismlarini havo orqali tezkor yetkazib berish mumkin, biroq yoqilg‘ini bu usulda tashish ehtimoli past, chunki u juda katta miqdorda sarf etiladi.
Loyiha 21 milliard yevro miqdorida sarmoya talab qilishi va 2035 yilga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius 3,5 milliard yevrodan ortiq qiymatdagi ishlarni moliyalashtirishga tayyorligini tasdiqladi. U yoqilg‘i bilan uzluksiz ta’minlash qurolli kuchlar jangovar tayyorgarligining asosiy shartlaridan biri ekanligini ta’kidladi.