Bugun 22 dekabr, 2025 yil, dushanba

КИР

«Nasaf»ning OFK Elit Chempionlar Ligasi 6-turdagi raqibi yulduzli «Al-Ittihod» haqida nimalarni bilasiz?

«Nasaf»ning OFK Elit Chempionlar Ligasi 6-turdagi raqibi yulduzli «Al-Ittihod» haqida nimalarni bilasiz?

23 dekabr kuni "Nasaf" klubi OFK Elit Chempionlar Ligasi musobaqasining 6-turi doirasida Saudiya Arabistonining "Al-Ittihod" jamoasi bilan kuch sinashadi.

Keling, ushbu jamoa haqida biroz to‘xtalamiz.

"Al-Ittihod" jamoasi 98 yillik tarixga ega. Klub 1927 yilda tashkil etilgan.

Jamoaga muxlislar tomonidan "Tigers" (Yo‘lbarslar) va "The People’s Club" (Xalq jamoasi) degan laqablar berilgan.

"Al-Ittihod" o‘z uy uchrashuvlarini Jidda shahrida joylashgan "Qirol Abdulloh Sport Siti" stadionida o‘tkazadi. Ushbu maydon 62 mingdan ziyod muxlisni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi.

Jamoa shu vaqtgacha 10 karra Saudiya Arabistoni Professional ligasi, 10 karra Qirol kubogi, 8 karra Valiahd shahzoda kubogi musobaqalarida chempion bo‘lgan. Shuningdek, "Al-Ittihod" 2004 va 2005 yilgi mavsumlarda Osiyo Chempionlar Ligasi musobaqasining bosh sovriniga ega chiqqan.

Jamoani ayni paytda 51 yoshli portugaliyalik mutaxassis Sergio Konseysau boshqarmoqda. U o‘z faoliyati davomida Braga, Nant, Portu, Milan kabi nomdor klublarda ishlagan. 2025 yil oktyabr oyida ushbu jamoani qabul qilib olgan.

Konseysau murabbiy sifatida "Portu" klubi bilan 3 marta Portugaliya chempionatida g‘olib bo‘lgan. Aynan shu yillarda ushbu murabbiy liga tomonidan "Yil murabbiyi" deb topilgan.

Hozirda "Al-Ittihod" klubida Musa Diabi, Steven Bergveyn, N'golo Kante, Fabinyo va Karim Benzema kabi jahon futboli yulduzlari faoliyat olib bormoqda.

Shuningdek, klubda ayni paytda Solih Al Shehri, Faysal Al G‘amdi, Hassan Kadesh, Ahmad Al G‘amdi, Saad Al-Musa kabi Saudiya Arabistoni terma jamoasi futbolchilari to‘p surmoqda.

Eslatib o‘tamiz, OFK Elit Chempionlar Ligasi 6-turidan o‘rin olgan "Al-Ittihod" — "Nasaf" uchrashuvi 23 dekabr kuni soat 23:15 da start oladi.

Kiritildi: Bugun 14:20. O'qildi: 209 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!