Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

«Narkotikdan o‘ldi, suiqasd bo‘lgan deyishadi, ammo…» Oxunjon Madaliyevning sirli o‘limiga nima sabab bo‘lgan? (+video)

«Narkotikdan o‘ldi, suiqasd bo‘lgan deyishadi, ammo…» Oxunjon Madaliyevning sirli o‘limiga nima sabab bo‘lgan? (+video)

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Oxunjon Madaliyev haqida «Daryo» muxbiri Feruz Muhammad xotira ko‘rsatuv tayyorladi.

Ushbu dasturda Oxunjon Madaliyevning vafoti haqida odamlar orasida yurgan mish-mishlarga ham oydinlik kiritildi.

«Hech qachon narkotik modda iste’mol qilganini ko‘rmaganman»

Men o‘sha kunlari Oxunjon akamga haydovchi edim, Tico’da yurardim. O‘sha kuni Oxun akani akalari olib ketgan edi. To‘yga bordik, vodiyda to‘y ikki qism bo‘ladi. Ertalab kuyov ota-onasining hamkasblari keladi. Keyin kuyov navkar, bazm bo‘ladi. Juda chiroyli to‘y bo‘lgan, to‘y tugadi. Hamma chiqdi. Oxun akamni kutib turibmiz, Oxun akam chiqib menga, «Siz sostavni akamni mashinasiga o‘tkazing, Tico’da ketamiz», dedi.

Yo‘lga chiqdik. Oxun akam to‘ydan charchab chiqqanlar, doim to‘ydan chiqqanlarida uzoq yo‘lda uxlab ketardilar. Uyqulari tez kelardi. Ertalabdan kechgacha xizmat, shuning uchun yo‘lda uxlardilar. Farg‘onaning «Girgili» degan joyida doirachimiz Anvar aka turardilar, o‘shaning hovlisiga bordik, yetib borgandan keyin uyg‘otdim, «Oxun aka, keldik, turing» desam, indamayaptilar. «Shunaqa qattiq uxlab qoldilarmi?», deb yana «Oxun aka», deb turtsam ham uyg‘onmayaptilar. Keyin ichkariga kirib akalari Azim akamni aytib chiqdim, uyg‘otib ko‘rdik turmayaptilar. Qo‘rqib ketdik. Shifoxonaga qarab haydadik. Tez yordam ko‘rsatishdi, doktor chiqib, «Yarim soat, 40 minut bo‘libdi, Oxun akani berib qo‘ydik», deb chiqdi. Biz shok holatidamiz, soppa-sog‘ odam, kasal emasdi, ko‘pchilik «narkotik modda qabul qilgan», degan gap chiqargan, yo‘q, Oxun akamni hech qachon narkotik modda istemol qilganini ko‘rmaganman, bu bo‘lmagan gap. Odamlar har xil gapni gapiraverar ekan. El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi deb bejiz aytishmas ekan.

Po‘latjon Omonov, Oxunjon Madaliyevning haydovchisi

«Oxunjon haqida turli bo‘htonlarni aytishdi»

Menga Oxunjon vafot etgani haqida telefon qilib aytishdi, men esa ishonmadim. Chunki o‘sha paytda taniqli san’atkorlar to‘g‘risida, «Sherali Jo‘rayev o‘tib qolibdi, falonchi o‘tib qolibdi», kabi mish-mishlar ko‘p tarqalar edi. Men yana shunaqa gapdir-da endi deb o‘yladim. Keyin sekin bordim. Borsam shunaqa vaziyat, baribir ham ishonmayapman. Keyin ertasi kuni chiqardik. Hozirgacha ham aslida ishonmaymiz.

Oxunjon haqida turli bo‘htonlarni aytishdi. Oxunjon halol inson edi. U paytda fonogramma bo‘lmagan, bir oylab qo‘shiq aytardi, rahmatli shunday qattiq charchaganidan, mashinada uxlab qolardi.

Oxunjonni tomog‘i og‘rib qolib, isitmasi chiqib qolgandi. Shu yuragiga ortiqcha bosim bergan ekanmi, shundan o‘tib ketdimi, bilmadim.

Qilichbek Tojiyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, Oxunjon Madaliyevning ustozi

«Morg»da ko‘rib tamom bo‘lganman

Bir kun avval Oxun akam bilan birga bo‘lganmiz. Meni Yozyovonda to‘yim bo‘lgan, Oxun akamni to‘ylari Farg‘ona shaharda bo‘lgan. U paytda Motorola degan telefon bo‘lardi, ustoz-shogirdlar olganmiz. «Men to‘yni tugatib sizga qo‘ng‘iroq qilaman, Farg‘onada ko‘rishamiz, yaqinda Namanganga borganimda yo‘ldan baliq berib yuborishdi, shuni pishirib yeymiz», dedi rahmatli. Bozorlarga tushdik, ancha birga yurdik, Polsha bozor degan bozor bor edi, o‘sha yerga tushib kiyim-kechaklar oldik. Ertasi kuni men to‘yni tugatdim, Oxun akam rosa menga telefon qilgan ekanlar, u paytda telefon hamma joyda ham ishlamas edi, Yozyovonda men borgan joyda antenna bo‘lmagan, menga tusholmaganlar. Keyin men antennali joyga chiqqanimda, menga telefon qildi degan bildirishnoma kelgan, Oxunjon akamga qaytib telefon qilsam, telefonlari o‘chiq. Uyga bordim, telefon keldi, ko‘tarsam, «Oxun akam shunaqa bo‘lib qoldi», deyildi. Men «morg»ga kelib ko‘rmagunimcha ham ishonganim yo‘q, ko‘rganimdayam ishonganim yo‘q. Ichimda «unaqa bo‘lishi mumkin emasdi», deyapmanda.

Haqiqiy bir yaqin insonni yo‘qotish qanchalik azob ekanini, qanchalik qiyinligini o‘shanda bilganman. Chunki meni juda ham erkalatib, Jekson deb chaqirib, ota-onamdek yer-u ko‘kka ishonmasdilar. Shogird sifatida yaxshi ko‘rardilar, shogirdlari ko‘p edi, lekin uzoq yillar davomida yonlarida men yurganman.

«Morg»da ko‘rib tamom bo‘lganman, yonlariga ham borolmay qolganman. Birov kutmagan narsalar bo‘lgan. Haligacha xayolimda u inson tirik, tushlarimda ham ko‘rib turaman. «Yolg‘ondan bir o‘lgan edim, men keldim», deb aytadilar tushlarimda, «rostan ham tirikmikanlar», degan fikr hozirgacha xayolimdan o‘tadi.

U inson biz uchun hech qachon o‘lmaydi, ular o‘lmas asarlar yaratib ketgan o‘lmas ijodkordir.

Abdujalil Qo‘qonov, xonanda, Oxunjon Madaliyevning shogirdi

Ma’lumot uchun, Oxunjon Madaliyev 1963 yil 21 may sanasida Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani, Yangiarab qishlog‘ida dunyoga kelgan. Oxunjon Madaliyev 1999 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoniga sazovor bo‘lgan. Uning «Turkman qiz», «Unutmoq osonmas bizlarni», «Ketaman», «Nasibam», «Maqsading nima?», «Seni bugun ko‘rmasam bo‘lmas», «Javohirim», «Yolg‘iz ayol» kabi yuzlab qo‘shiqlari muxlislar orasida ommalashgan.

Oxunjon Madaliyev 2000 yil 29 iyun kuni yurak xurujidan vafot etgan.

Kiritildi: 05:00 21.06.2021. O'qildi: 12682 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!